Ibratli oilalar tanlovi
2016-05-05
Xorazmda “Oilalar saodati – mustaqillik samarasi” ko‘rik-tanlovining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, oilalar mustahkamligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Mazkur tanlov ham har tomonlama ibrat bo‘ladigan oilalarni rag‘batlantirish, ularning tajribasini ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlovning mintaqaviy bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan saralangan ibratli oilalar belgilangan shartlar bo‘yicha o‘z bilim va iqtidorini namoyish etdi.
Xorazmlik Farhod Aminovlar oilasi birinchi o‘rinni egalladi. Buxorolik Hasan Jabborovlar oilasiga ikkinchi va qoraqalpog‘istonlik Nazarboy Qodrimbetovlar oilasiga uchinchi o‘rin nasib etdi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashadi.
Manba: O'zA