Farg‘ona viloyati: obod ko‘ngillar, fayzli manzillar, ezgu intilishlar
2016-05-04
Odamzod hamisha tilsimotlar sinoatini bilishga intiladi. Go‘zallikdan bahramand bo‘lishni istaydi.
Ajoyibotlardan hayratlanish orzusi bilan yashaydi. Negaki, mo‘’jizalarning o‘z ohanrabosi bor! Ularning sehru jozibasi esa dillarga unutilmas zavqu shavq bag‘ishlashi, shubhasiz. Bugun O‘zbekistonimizga “Jadal taraqqiy etayotgan mamlakat” deya ta’rif berayotgan xalqaro ekspert va mutaxassislar, chet ellik sayyohlarning so‘zlariga quloq tutib, bunga yana bir karra ishonch hosil qilasiz.
Asli hindistonlik, ayni paytda AQSHda istiqomat qiluvchi Anand Rajendranni Marg‘ilon shahridagi “YOdgorlik” majmuida uchratdik. Mehmon bu yerda tayyorlanayotgan adraslar, milliy liboslarimizni maroq bilan tomosha qilgach, ulardan ikki juftini sotib oldi.
— Farg‘ona viloyatining obod va go‘zal manzillari, betakror tabiati, mo‘’tadil iqlimi menda katta taassurot uyg‘otdi, — deydi u. — Viloyat markazidagi puxta me’moriy yechim asosida tiklangan imoratlar sharqona joziba hamda zamonaviy shaharsozlik an’analarini o‘zida mujassam etibdi. Har bir inshoot hovlisidagi yashil xiyobonlarni aytmaysizmi?! Bu kabi o‘ziga xos landshaft dizaynini boshqa mamlakatlarda uchratmaysiz. Ana shunday ko‘rkam manzaraga Marg‘ilon shahrida ham duch keldim. Qoyil, qadimiy yodgorliklar, osoriatiqalarni bugungi davr talablariga mos muhtasham binolardan ayri holda tasavvur qilish qiyin. Qolaversa, bu yerdagi bunyodkorlik ishlaridan qanchalik hayratlangan bo‘lsam, mahalliy hunarmandlar mahoratiga ham shunchalar tan berdim. Qo‘limdagi mana bu nozik did bilan tayyorlangan sharflar ham — mo‘’jizaning o‘zginasi! Qoyil, ipak matoga na ip, na yelim ishlatilib, jundan naqsh tushirilibdi. Rafiqamga qo‘ng‘iroq qilsam, bir yo‘la to‘rttasini olib borishimni iltimos qildi. Hozir Farg‘ona, Marg‘ilon safarini tugatib, Qo‘qon shahriga yo‘l olmoqchiman. Kelgusida ushbu maftunkor yurtga oila a’zolarim bilan kelish niyatidaman.
Darhaqiqat, so‘lim vodiyning bunday maftunkor shaharlari ko‘p. Birgina viloyat markazidagi o‘zgarishlar ko‘lamidan har qancha g‘ururlansak, faxrlansak arziydi.
2011 yilning 15 noyabrini hudud ahli “Farg‘ona shahri qaytadan tug‘ilgan kun”, deya bejiz e’tirof etmaydi. Chunki mazkur sanada Prezidentimizning viloyat markazi bosh rejasini amalga oshirish, 2012 — 2015 yillarda ijtimoiy va transport-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiyalashga doir qarori e’lon qilingandi. Mana, o‘shandan buyon qariyb besh yil vaqt o‘tdi. Bugun shaharni ulkan qurilishlar maydoniga qiyoslash mumkin. Yurtboshimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan bunday keng ko‘lamli harakatga kattayu kichik o‘zini daxldor bilib, tashabbus ko‘rsatmoqda. Zero, maqsad mushtarak: Farg‘onani eng ko‘rkam, eng taraqqiy etgan shaharlardan biriga aylantirish.
Shundan kelib chiqib, hududda 2011 — 2015 yillarda 1,5 trillion so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Katta halqa yo‘lining 3,2 kilometrlik qismida qayta qurish yumushlari yakunlandi. Yangi barpo etilgan 14,2 kilometrlik Kichik halqa yo‘li rekonstruksiyadan chiqarildi. Aeroport, Ahmad al-Farg‘oniy, Quvasoy, Alisher Navoiy hamda Mustaqillik ko‘chalari jahon standartlariga mos holga keltirildi. O‘z navbatida, Sayilgoh, Qori Niyoziy, E’tiqod, Qashqar, Forobiy ko‘chalaridagi yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazildi. Ana shu maqsadlar uchun 202 milliard so‘m yo‘naltirildi. Pirovardida hudud ahli va mehmonlariga qo‘shimcha qulaylik yaratildi.
Yana bir gap. Farg‘ona shahri hududidan Marg‘ilonsoy oqib o‘tadi. Davlatimiz rahbari qarori ijrosi doirasida mazkur suv havzasiga yana 2 ta yangi ko‘prik qurilib, 9 tasi rekonstruksiyadan chiqarildi.
Soy o‘zanini tubdan ta’mirlash, ikki qirg‘og‘ida piyodalar yo‘lakchalari barpo qilish, dam olish majmualari, yoritish tizimini qurish jarayoni ham ado etildi.
— Ko‘priksozlik qurilish sanoatining eng murakkab tarmoqlaridan biri hisoblanadi, — deydi O‘zbekiston Qahramoni Ulug‘bek Umarov. — O‘zim ham shu soha vakili sifatida buning zahmatu mashaqqatini yaxshi tushunaman. Qarang, Farg‘onadagi 20 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib bunyod qilingan ko‘priklarning muhandislik-texnologik ishlarini to‘liq o‘zimizning mutaxassislar bajarishdi. Shuningdek, xom ashyo sifatida mahalliy korxonalarimizda tayyorlangan qurilish materiallaridan foydalanildi. Bularning barchasi, Prezidentimiz bot-bot ta’kidlaganlaridek, O‘zbekiston farzandlari hech kimdan kam emasligining dalolatidir.
Yo‘l-transport infratuzilmasi — shaharsozlikning muhim talabi. Shundan kelib chiqib, hududda “Farg‘ona — Qo‘qon” yo‘nalishi uchun “YOrmozor” avtoshohbekati qurilib, foydalanishga topshirildi. To‘qqiz milliard so‘m evaziga “ISUZU” rusumli 120 ta avtobus xarid qilinib, yangi yo‘nalishlar bo‘ylab qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
— Yaqin-yaqingacha hududimizning maqtansa arzigulik markazi, xiyoboni yo‘q edi, — deydi Farg‘ona shahri bosh me’mori vazifasini bajaruvchi Barhayot Tursunov. — Quvasoy ko‘chasida 1000 o‘rinli muhtasham Teatr-konsert saroyi foydalanishga topshirilgach, bu masalaning yechimi topildi. Shu tariqa qariyb 40 gektar maydonni egallagan ushbu maskan yon-atrofi chinakam sayilgohga aylantirildi. Mazkur markaziy maydon dunyodagi eng noyob anvoyi daraxtlar bilan qoplangan mo‘’jaz xiyobonni eslatadi. To‘rtta zamonaviy favvora iqlim mo‘’tadilligini ta’minlaydi. Kashtan, eman, lipa, mojjevel’nik singari ko‘chatlar, Bel’giyadan keltirilgan ignabargli daraxt nihollari bog‘ ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy bag‘ishlab turibdi.
Yangidan bunyod etilgan 500 o‘rinli amfiteatr, Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi rekonstruksiya qilingan madaniyat va istirohat bog‘i, 100 o‘rinli Qo‘g‘irchoq teatri, Sayilgoh hamda Mustaqillik ko‘chalari oralig‘idagi Bolalar bog‘i, Qirguli mavzesida bunyod etilgan kichkintoylar xiyoboni ham hamisha gavjum. Sobiq “Furan kimyo birikmalari” va “Farg‘onagazapparat” zavodlari o‘rnida qad rostlagan 70 dan ortiq ko‘p qavatli turarjoylar chinakam baxt oshyoniga aylangan. Ikki qavatdan iborat 30 dan ziyod -zamonaviy savdo hamda maishiy xizmat shoxobchalari esa aholi xizmatida. Bundan tashqari, hududda foydalanishga topshirilgan 20 ming o‘rinli muhtasham stadion farg‘onalik futbol muxlislari uchun munosib tuhfa bo‘ldi. Uning atrofini obodonlashtirish maqsadida 9 gektar maydonga 3,5 ming tup noyob manzarali ko‘chat o‘tqazildi. Shu va boshqa sport inshootlari hademay viloyat mezbonlik qiladigan, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasidagi “Universiada — 2016” sport o‘yinlarining final bosqichiga shay holatga keltirilmoqda.
Qo‘qon shahri ham yil sayin chiroy ochayotgan obod manzillardan biridir. Ko‘rimsiz va pasqam imoratlar o‘rnini bugun ko‘rkam binolar egallagan. Yo‘llar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari qurildi, mavjudlari tubdan ta’mirlandi. Bunda Yurtboshimizning “Qo‘qon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida ishlab chiqilgan 2010 — 2012 yillarda Qo‘qon shahrining sanoat salohiyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq, hududdagi 30 ga yaqin ishlab chiqarish sub’ekti texnik va texnologik jihatdan yangilandi. Ilg‘or sanoat korxonalari foydalanishga -topshirildi. Hozir mazkur kent jamolini ko‘rib, ko‘z quvonadi. Bularning barchasi mustaqillik sharofatidandir.
Marg‘ilon azaldan usta-hunarmandlar shahri sifatida nom qozongan. Bu yerda istiqlol yillarida xizmat ko‘rsatish hamda servis shoxobchalari, savdo majmualari, madaniy-ma’rifiy markazlar, ishlab chiqarish va sanoat ob’ektlari bunyod etilishi bilan nafaqat hudud qiyofasi, balki shaharda istiqomat qiluvchi aholining turmush tarzi ham tubdan o‘zgardi. Chunonchi, o‘tgan davrda shaharning qadimiy bozori yangidan barpo etildi, markaziy ko‘chalari kengaytirilib, yon-atrofi obodonlashtirildi. Tarixiy obidalar qayta ta’mirlanib, ziyoratgohga aylantirildi. Keyingi yillarda birgina Mustaqillik ko‘chasida zamonaviy mezonlar asosida amalga oshirilgan bunyodkorliklar timsolida mustaqillik bergan imkoniyatlar nechog‘li yuksak ekanligini to‘liq tasavvur qilishimiz mumkin. Muhtasham imoratlar, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualarining betakror qiyofasi me’morchiligimizdagi yutuqlarni yaqqol namoyon etayapti.
Yosh oila boshlig‘i Davlatbek Qirg‘izov Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida voyaga yetgan. Ayni paytda u turmush o‘rtog‘i Sayyora Turdialiyeva bilan ikki nafar farzandni tarbiyalamoqda. Yaqinda navqiron avlod vakillari davlatimizning yana bir yuksak g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lishdi. Ularga shaharning Toshkesar mahallasida qurib bitkazilgan “Kamolot” uylaridan xonadon ajratildi.
— Hech qachon o‘zimni yolg‘iz his qilganim yo‘q, — deydi Davlatbek. — Mehribonlik uyida kam bo‘lmay kamol topdim. Har qadamda davlatimiz e’tiborini his qilib yashayapmiz. Turmush o‘rtog‘im hozir o‘zim ulg‘aygan muassasada tarbiyachi bo‘lib ishlayapti. Mana, turarjoyimiz, o‘zingiz ko‘rib turganingizdek, juda ko‘rkam va shinam. Barcha qulaylik muhayyo. Hovlidagi o‘yin maydonchasidan kichkintoylarning shodon kulgilari arimaydi. Inson uchun bundan ortiq baxt bormi?!
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytgacha Farg‘ona viloyati bo‘yicha 6 ta shunday ko‘p qavatli “Kamolot” uyi yosh oila vakillari ixtiyoriga berilgan. Joriy yilda ular soni yana 5 taga ko‘payadi.
Qulay ishbilarmonlik muhiti — tadbirkorlik rivojida hal qiluvchi omil. Yurtimizda ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilayotganining boisi shunda. Zero, soha vakillariga berilayotgan qator imtiyozlar ularning istiqbolli loyihalari ro‘yobiga keng yo‘l ochib, aholining import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq ta’minlanishi hamda jahon bozoriga dadil kirib borayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni yil sayin ko‘payishiga xizmat qilayotir.
Xususan, joriy yilning uch oyi davomida Farg‘ona viloyatida sanoat mahsulotlari tayyorlash hajmi 13,3 foiz o‘sdi. Binobarin, 108,7 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar 100 ga yaqin davlatlarga eksport qilindi. Taqqoslash uchun misol: 1991 yilda Farg‘ona viloyatida atigi ikkita eksportchi korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, chet el investitsiyasi ishtirokidagi ishlab chiqarish sub’ektlari soni 120 taga yetdi.
Yaqinda Farg‘ona tumanida faoliyat boshlagan “Fergana osena textile” O‘zbekiston — Tailand qo‘shma korxonasi — shulardan biri. Bu yerga Germaniya davlatidan keltirib o‘rnatilgan, umumiy qiymati 6 million yevroga teng eng ilg‘or texnologiyalar yiliga 3600 tonna paxta xom ashyosini qayta ishlab, uni raqobatdosh kalava ipga aylantirish quvvatiga ega. E’tiborlisi, bu yerda tayyorlangan mahsulotlar to‘liq tashqi bozor uchun mo‘ljallangan. Qisqa muddatda chet ellik buyurtmachilar bilan umumiy qiymati 1 million dollarlik shartnomalar imzolandi.
Korxona rahbari Alisher Ortiqovning ta’kidlashicha, jamoa safida mehnat qilayotgan 200 nafar ishchi-mutaxassisning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Asosiy texnologik jarayonlar yigiruv, tarash, piltalash sexlarida amalga oshiriladi.
— Hududimizdagi agrosanoat kasb-hunar kollejini tamomlab, shu yerda ish boshladim, — deydi operator Dilfuza Abdurahmonova. — Korxonamizda barcha uskuna kompyuterlashtirilgan. Dastgohlar shovqinsiz ishlaydi. Atrof-muhitga, ekologiyaga ta’siri juda kam. Muhimi, shunday ahil jamoa safida mehnat qilayotganimdan ota-onam ham juda xursand. Chunki bu yerda “Ustoz — shogird” an’anasi asosida bilim va tajribamni mustahkamlayapman. Xalqimizga, oilamga, oz bo‘lsa-da, nafim tegayapti.
Joriy yil davomida viloyatda 71,4 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish hisobiga 29 ta istiqbolli loyihani ro‘yobga chiqarish ko‘zda tutilgan. Ular to‘qimachilik, qurilish, meva-sabzavotni qayta ishlash, oziq-ovqat, xalq iste’moli tovarlari tayyorlash va farmatsevtika sanoati hissasiga to‘g‘ri keladi. Pirovardida Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Kanada, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar sarmoyadorlari bilan hamkorlikda ichki bozor uchun yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Qolaversa, 2184 kishi doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi.
“Qo‘qon Yevro qurilish” qo‘shma korxonasi Xitoy investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan. Yaqinda bu yerga xorijlik ishbilarmonlar yana 35 million dollarlik sarmoya kiritishga qaror qilishdi. Mazkur loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilgach, joriy yilning to‘rtinchi choragidan O‘zbekiston tumanining “SHo‘rsuv” sanoat hududida bir kecha-kunduzda 5 ming tonna sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, hademay Qo‘qon shahridagi “Mirus textile group” xorijiy korxonasida kalava ipni bo‘yash o‘zlashtiriladi. Buning uchun 800 ming dollarlik sarmoya kiritilishi maqsad qilingan.
— O‘tgan yigirma besh yil ichida Farg‘onamizda tiklangan imoratlarning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi, — deydi mehnat faxriysi Omonjon Hoshimov. — Xo‘sh, bu kim uchun, nima uchun? Albatta, biz, farzandlarimiz, ertangi yorug‘ kelajagimiz uchun. Zero, inson dunyoga baxtli yashash uchun keladi. Yurtim, mahallam, xonadonim tinch bo‘lsa, deydi. Dasturxonimdan fayz ko‘tarilmasin, farzandlarim hech kimdan kam bo‘lmay kamol topsin, deya niyat qiladi. Istiqlol sharofati bilan orzularimiz ushalmoqda. Tilimizda, dilimizda shukrona. Ertamizdan ko‘nglimiz to‘q. Chunki ortimizda davlatimiz, Prezidentimiz -turibdi. Bizdan talab qilinadigani esa, ezgulikka intilib yashash. Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish!
Darhaqiqat, bugun mamlakatimiz shaharu qishloqlaridagi beqiyos o‘zgarishlarni ko‘rib, barchaning ko‘nglidan ana shunday tuyg‘ular kechayotgani, shubhasiz. Albatta, bularning hammasi uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan oqilona siyosat, xalqimiz azmu shijoati mevasidir. Farg‘ona viloyatiga safarimiz asnosida bunga yana bir karra ishonch hosil qildik.
Manba: «Xalq So'zi»