Dolzarb loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda
2016-05-04
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, manfaatdor vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Ma’lumki, mamlakatimizda mustaqillik yillarida “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini izchil ro‘yobga chiqarish uchun Konstitutsiyamiz asosida demokratik institutlarning erkin va samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlarini o‘zida mujassamlashtirgan mustahkam huquqiy baza yaratildi. Buning amaliy natijasini hozirgi kunda jamiyatimiz hayotining turli jabhasida 8 ming 300 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faol ish olib borayotgani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ularning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi ishtiroki tobora kengayishida hal qiluvchi omil bo‘layapti.
Ta’kidlanganidek, nodavlat notijorat tashkilotlari umumdavlat ahamiyatiga molik dasturlar ijrosini ta’minlashga munosib ulush qo‘shib, aholining iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini kuchaytirish, bandlik ko‘rsatkichini oshirish, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yolg‘iz keksalar, nogironlar va boshqa ehtiyojmand qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb yo‘nalishlarda samarali loyihalarni ro‘yobga chiqarayotir. Bu jarayonda, shubhasiz, ijtimoiy sheriklik muhim o‘rin tutmoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilari asosiy e’tiborni “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasidagi chora-tadbirlarga qaratishdi. Ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosiga nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb etish hamda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi va davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat granti ajratish bo‘yicha e’lon qilingan birinchi va ikkinchi tanlov natijalari qizg‘in muhokama etildi.
Mazkur tanlovlarga uch yuz ellikdan ziyod NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan to‘rt yuzga yaqin loyihalar taqdim qilingan. Aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, xotin-qizlar manfaatlarini himoyalash, kuchli, barqaror va farovon davlat negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga qaratilgan 45 ta loyiha g‘olib, deb topildi hamda ularni moliyalashtirish uchun 1,1 milliard so‘m ajratildi. Bundan tashqari, islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini, mahalla institutining ushbu jarayondagi faol ishtirokini mustaqil ommaviy axborot vositalarida yoritish, davlat organlari ochiqligini ta’minlashga qaratilgan 30 dan ziyod loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 750 million so‘m yo‘naltirilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Yig‘ilishda aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlarni, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlikka yo‘naltirish, oilaviy biznesni rivojlantirishga davlat granti ajratish bo‘yicha uchinchi va to‘rtinchi tanlovlarni e’lon qilish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Mazkur tanlovlarda imkoniyati cheklangan bolalarning jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘maklashish borasidagi loyihalar ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Qatnashchilarning fikricha, fuqarolik jamiyati institutlariga ana shunday muhim va raqobatdosh loyihalarni tayyorlash bo‘yicha tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatish ayni zaruratdir. Shunga ko‘ra, Parlament komissiyasining qator davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish rejasi va dasturi tasdiqlandi.
Parlament komissiyasi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli qaror qabul qildi.
Manba: «Xalq So'zi»