Kelajagi buyuk, ozod va obod Vatan

2016-04-29

Taraqqiyotning "o‘zbek modeli" deb nom olgan rivojlanish yo‘lining beqiyos samaralari.

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy hayotida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar yillar o‘tgani sayin tobora mustahkamlanib, ko‘zga yanada yorqinroq tashlanmoqda. Zero, tarixan qisqa davr ichida barcha sohada mislsiz o‘zgarishlar ro‘y berdiki, bu haqli ravishda ko‘pchilikning havasu hayratiga sabab bo‘layotir. Bunday yuksalishlar zamirida, shubhasiz, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan hayotga tatbiq qilinayotgan “o‘zbek modeli” — rivojlanishning o‘zimizga xos va mos yo‘li samaralari mujassamdir.

Darhaqiqat, besh tamoyil — iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, davlat — bosh islohotchi, qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tishga asoslangan “o‘zbek modeli”ning afzalligini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Nega deganda, odamlarga tezda boy bo‘lib ketish, doimiy to‘kin hayot va’da qilish, aslida esa, puch g‘oyalar bilan sug‘orilgan “falaj qilib davolash usuli”ga o‘xshash usullar davr sinovlariga dosh berolmadi. Pirovardida bu boshi berk yo‘ldan borgan davlatlarda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ta’sirida ishlab chiqarish izdan chiqib, yalpi ichki mahsulot hajmi pasayishi barobarida, ishsizlik avj oldi.

Yurtimizda esa taraqqiyotning tadrijiy yo‘lidan borilgani tufayli nafaqat iqtisodiyotimizda barqaror o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda, balki global inqiroz eng baland cho‘qqiga ko‘tarilgan paytlarda ham yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi 8 foizdan pasaygani yo‘q. Bu esa xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilib, yuksak baholanayotir.

Ayniqsa, Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014 — 2015 yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016 — 2017 yillarda iqtisodiy o‘sish prog-nozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgani har bir yurtdoshimiz qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.

Ta’kidlash kerakki, bunday natijalarga osonlikcha erishilgani yo‘q, albatta. Chunki O‘zbekiston sobiq ittifoq davridagi ma’muriy-buyruqbozlik tizimi sharoitida milliy iqtisodiyotning turli siyosiy hamda g‘oyaviy ta’sirlar ostida shakllanishining yaqqol namunasini boshdan kechirgandi. Xo‘jalik aloqalarini faqat bir g‘oya va maslakka mansub bo‘lgan mamlakatlar o‘rtasida amalga oshirish, markazdan turib rejalashtirilgan boshqaruv, sog‘lom xo‘jalik yuritish tamoyiliga zid iqtisodiy siyosat — bular o‘sha davrning asosiy belgilaridan edi. Istiqlolning ilk yillaridanoq iqtisodiyotning siyosatdan ustun qo‘yilishi, uning ob’ektiv iqtisodiy qonunlarga muvofiq ravishda tashkil etilishi pirovardida yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, yuqori o‘sish sur’atlariga erishish uchun keng imkoniyat yaratdi.

Ammo o‘sha davrda qishloq xo‘jaligida paxta yakkahokimligi oqibatida oziq-ovqat masalasida o‘zgalarga qaram bo‘lgan, kundalik iste’mol mollarining uchdan ikki qismi, hatto oddiy tuz va gugurt ham chetdan olib kelingan davlat qisqa muddat ichida don mustaqilligiga erishadi, sanoatning murakkab texnologiyali tarmoqlari yo‘lga qo‘yiladi, deyilsa, ko‘pchilik ishonmasdi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohani tubdan modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash borasida qabul qilingan hayotiy dasturlarning samarasi o‘laroq, ilgari orzu ham qilish qiyin bo‘lgan muvaffaqiyatlarga erishayapmiz.

Oziq-ovqat sanoati mamlakatimizda mustaqillik yillarida shakllanib, yuqori texnologiyali tarmoqlardan biriga aylandi. O‘tgan davr mobaynida sohaga ixtisoslashtirilgan korxonalar soni salkam 10 mingtaga yetgani, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlari kabi kundalik iste’mol mollariga bo‘lgan ichki ehtiyoj, asosan, o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar evaziga ta’minlanayotgani, eksport hajmi yil sayin oshib borayotgani bunga to‘la asos bo‘la oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu sohada so‘nggi besh yilda umumiy qiymati 660 million AQSH dollarilik 3 ming 266 ta investitsiyaviy loyiha ro‘yobga chiqarilgach, mahsulot tayyorlash hajmi keskin oshdi. Jumladan, meva-sabzavot va uzum yetishtirish 1,27, go‘sht hamda go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish 1,24, sut mahsulotlari 1,33 baravar ko‘payib, 628 xildagi mahsulot tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Bu kabi muvaffaqiyatlar BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan munosib baholangani quvonarlidir. Ya’ni O‘zbekiston 2015 yilda mazkur nufuzli tashkilotga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 ta davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 5 martdagi “2016 — 2020 yillarda oziq-ovqat mahsulotlari xom ashyo bazasini, meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dastur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Unga ko‘ra, kelgusi besh yil davomida ozuqabop ekinlar maydoni 220 ming gektarga kengaytirilishi evaziga qo‘shimcha ravishda 797 ming tonna meva, 2,8 million tonna sabzavot, 514 ming tonna go‘sht va 3,97 million tonna sut mahsulotlari yetishtiriladi. O‘z navbatida, meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash 17 foizdan 25 foizga, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash hajmi 12 foizdan 23 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

E’tiborlisi, dastur doirasida nafaqat qayta ishlash hajmini ko‘paytirish, balki tayyor mahsulotlarni sifatli qadoqlash, saqlash va yetkazib berish bo‘yicha ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Xususan, yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiyalash bo‘yicha 180 ta yirik, shuningdek, 416 ta hududiy investitsiyaviy loyiha ro‘yobga chiqarilishi mo‘ljallanayapti. Bundan tashqari, yillik quvvati 60 ming tonnaga teng bo‘lgan 15 ta zamonaviy savdo-logistika markazini foydalanishga topshirish orqali meva-sabzavotlarni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarni dunyoning 100 dan ortiq davlatlariga eksport qilish imkoniyatini -yaratish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizda uzoqni ko‘zlab hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyoz va preferensiyalar berish, investitsiyalar, avvalo, chet el investitsiyalarining hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlari hamda uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sanoatimiz salohiyati yuksalib, uning jozibadorligi ortayotgani ana shundan dalolat beradi. Bu esa, o‘z navbatida, chet ellik investorlarning iqtisodiyotimizga bo‘lgan qiziqishini yuksaltirayotir. O‘tgan yili o‘zlashtirilgan jami investitsiyalarning 3 milliard 300 million dollardan ziyodi xorijiy investitsiyalar ekanligi, uning 73 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari tashkil etgani ana shunday sa’y-harakatlar -natijasidir.

Yurtimizda yuritilayotgan investitsiya siyosatining o‘ziga xos jihati shundaki, sarmoyalarning asosiy qismi zamonaviy sanoat korxonalarini barpo etish, mavjudlarini tubdan modernizatsiya qilish maqsadlariga yo‘naltirilayapti. Pirovardida istiqlol yillarida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi, Asakadagi yengil va Samarqanddagi yuk avtomobillari hamda avtobuslar ishlab chiqaradigan korxonalar, yuzlab zamonaviy to‘qimachilik va yengil sanoat sub’ektlari ishga tushirildi.

Bu boradagi sa’y-harakatlar izchil davom ettirilayotgani esa ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to‘ldirish, eksportda qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar ulushini ko‘paytirish, minglab yangi ish joylari yaratish imkonini bermoqda. Masalan, birgina o‘tgan yili jalb qilingan investitsiyalarning 67,1 foizi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga sarflanib, umumiy qiymati 7 milliard 400 million -dollarlik 158 ta yirik ishlab chiqarish ob’ekti foydalanishga topshirildi.

Janubiy koreyalik investorlar bilan hamkorlikda Surg‘il koni negizida barpo qilingan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi shulardan biridir. Umumiy qiymati 4 milliard dollardan oshadigan ushbu majmua dunyodagi eng zamonaviy, ayni paytda eng yirik korxonalardan biri bo‘lib, u Germaniya, Fransiya, Yaponiya, AQSH, Shvetsiya, Gollandiya, Janubiy Koreya singari davlatlar kompaniyalarining texnologik liniya va uskunalari bilan to‘liq jihozlangan. Bu yerda yiliga 83 ming tonna noyob polipropilen mahsulotini ishlab chiqarish, polietilen tayyorlash hajmini 3,1 barobar ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Vaholonki, polipropilen ilgari yurtimizga katta miqdordagi valyuta evaziga chetdan olib kelinar edi.

“O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tarkibida beshta zavod faoliyat ko‘rsatadigan majmuaning ilk mahsulotlari eksport qilina boshlangani ham alohida e’tiborga molik. Xususan, polimerlar zavodida tayyorlanayotgan polipropilen 2015 yilning dekabr oyidan e’tiboran chet ellik buyurtmachilarga jo‘natilmoqda.

Bunday misollarni iqtisodiyotimizning boshqa tarmoqlaridan ham ko‘plab keltirish mumkin. Biroq mamlakatimizda erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib qolingani yo‘q. Jahon bozorida mustahkam o‘rnimizni egallash, xalqimiz hayot darajasini yanada oshirish bo‘yicha islohotlar jadal davom ettirilayapti. Prezidentimiz mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida bu haqda alohida to‘xtalib, jumladan, shunday dedi: “Biz uchun asosiy vazifa — ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan uzluksiz yangilab borish, doimiy ravishda ichki imkoniyat va zaxiralarni izlab topish, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni izchil davom ettirishdan iborat bo‘lishi zarur”. Zotan, yurtimizda ana shu tamoyillar asosida ish yuritilib, hayotga tatbiq qilinadigan loyihalar tufayli 2030 yilda neft’-gaz-kimyo sohasida mahsulot -ishlab chiqarish hajmi 3,2, rangli metall mahsulotlari 2,2, qora metalldan tayyorlanadigan buyumlar 2,3, kimyo sanoati mahsulotlari, shu jumladan, mineral o‘g‘itlar 3,2, to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari 5,6, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi esa 5,7 barobar oshirilishi kutilayapti. Bularning barchasi kelgusida iqtisodiyot tarmoqlarida rivojlanishning yuqori o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy -barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi muqarrardir.

Shahnoza ERGASHXO‘JAYEVA,

iqtisod fanlari doktori, professor.

Manba: «Xalq So'zi»