Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanmoqda

2016-04-28

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitalari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasining 2013 — 2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturining ijrosini Namangan, Xorazm viloyatlari misolida o‘rganish natijalariga oid axboroti eshitildi.

Majlisda senatorlar, tegishli vazirlik hamda idoralar, “O‘zmeliomashlizing” lizing kompaniyasi, “Suvloyiha”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyatlari, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, huquqni muhofaza qilish organlari, NNT va OAV vakillari hamda Namangan, Xorazm viloyatlaridan soha xodimlari, olimlar, ekspertlar qatnashdi.

Respublikamiz qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli qishloq mulkdorlarining manfaatlarini ta’minlash, ekin maydonlarining unumdorligini oshirish, yerdan to‘g‘ri va oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish kabi muhim yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishilayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, soha taraqqiyotini kafolatlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy bazaning takomillashuvi fermer va dehqonlarimiz faoliyatidagi yutuqlarning negizi hisoblanmoqda. O‘tgan yili yurtimizda 7 million 500 ming tonnadan ziyod g‘alla, 3 million 350 ming tonnadan ortiq paxta xirmoni barpo etilgani, meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va chorvachilik kabi tarmoqlar ham jadal sur’atlarda rivojlanayotgani buning yaqqol ifodasidir.

Ishtirokchilar agrar sektorni modernizatsiyalash, aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni alohida e’tirof etib, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va buning uchun ayni yo‘nalishdagi qonun hujjatlari ijrosiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganiga urg‘u berdilar.

Xususan, Prezidentimizning 2007 yil 29 oktyabrdagi “Erlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, “O‘zmelio-mashlizing” lizing kompaniyasi hamda meliorativ va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajaruvchi 48 ta davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining “2013 — 2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Davlat dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, uning tarkibidagi bo‘linmalar tomonidan davlat unitar korxonalari bilan hamkorlikda gidromeliorativ tizimlarning, kollektor-drenaj hamda sug‘orish tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, ularning texnik holatini yaxshilash, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Melioratsiya va irrigatsiya ob’ektlarini, sug‘orish tarmoqlarini qurish, ularni qayta tiklash hamda ta’mirlash sifatini oshirish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida 2013 — 2015 yillar mobaynida belgilangan vazifalar bajarildi. Bu esa o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan yerlarni kamaytirish, sizot suvlar sathi 2 metrga yetadigan maydonlarni qisqartirish imkonini berdi.

Umuman olganda, Davlat dasturiga muvofiq, melioratsiya tadbirlari olib borilgan ekin maydonlaridagi unumdorlik paxtachilikda o‘rtacha 3-4 sentner, g‘allachilikda 4-5 sentner oshdi.

Tadbir davomida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi axborotini tahlil qilish mazkur sohada muayyan kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Senatorlar, soha mutaxassislari ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdilar. Davlat dasturining 2016 — 2017 yillardagi ijrosini ta’minlashda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli doimiy komissiyalari tomonidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yakunda qo‘mitalarning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: «Xalq So'zi»