Tanqid va tahlil
2015-07-24
Samarqandda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Z.Mirzayev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. Unda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning shu yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi natijalariga qaratildi.
Viloyat yalpi hududiy mahsulotini o‘tgan 6 oyda 10,5 foizga oshirishga erishildi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 14, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 6,2, chakana tovar aylanmasi 12,6, qurilish-pudrat ishlari 11,1 va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,5 foizga o‘sdi. Ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 36,3 foizi oziq-ovqat, 22,1 foizi yengil sanoat, 21,8 foizi mashinasozlik va metallni qayta ishlash, 4,4 foizi ximiya va neft, 4 foizi qurilish materiallari sanoati tarmoqlariga to‘g‘ri keldi. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ulushi 71,9, xizmat ko‘rsatish sohasi ulushi 54,3 foizni tashkil etdi.
Bandlik masalasini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli 47 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilib, ularning asosiy qismi qishloqlarda tashkil etildi. Ish o‘rinlarining asosiy qismi tijorat banklarining kichik korxonalar va mikrofirmalar tashkil etish uchun ajratilgan kreditlar, kasanachilik va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish hisobiga to‘g‘ri keldi.
Faol investitsiya siyosati hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, infratuzilmani rivojlantirish yanvar-iyun oylarida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 1 trillion 293 milliard so‘mlik investitsiyani o‘zlashtirish imkonini berdi. Xorijiy investitsiyalar 10,1 million dollarni tashkil etdi.
Birinchi yarim yillikda 482 xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular negizida 1 ming 626 yangi ish o‘rni yaratildi.
Hisobot davrida 1 ming 258 kichik biznes subyektlari tashkil etilib, ularning soni 15,9 mingtaga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy yordam berish maqsadida 501,7 milliard so‘m kredit ajratildi. Bugun viloyatdagi ish bilan band aholining 83,7 foizi aynan shu sohada mehnat qilmoqda.
Eksport salohiyatini mustahkamlash va uning tarkibini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tufayli eksport borasidagi reja 133,5 foizga bajarildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar mavjud imkoniyat va salohiyat darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yil oxiriga qadar sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.