Surxondaryo viloyati: Bunyodkor el shijoati
2016-04-22
Surxondaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga doir manzilli dasturlar hududni har tomonlama ravnaq toptirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar uzluksizligini o‘zida yaqqol ifoda etib, voha ahli kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat, shijoatiga shijoat qo‘shmoqda.
Hozirgi kunda bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining ko‘lami keng, sur’ati yuksak. Eng muhimi, ana shu beqiyos yangilanishlar odamlarni ezgu maqsadlar atrofida jipslashtirib, ko‘ngillarida faxru iftixor, quvonchu surur hislarini jo‘sh urdirayapti, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlayotir.
Viloyat markazi — Termiz shahridagi o‘zgarishlarni aytmaysizmi?! Uning bugungi -jamolini ko‘rib ko‘z quvnaydi. Har mahallada — qurilish, har guzarda — ko‘kalamzorlashtirish. Xonadonlardagi totuvlik, baraka butun kentga fayzu tarovat baxsh etib turgandek, go‘yo.
Darhaqiqat, keyingi yillarda Termizda zamonaviy shaharsozlik an’analariga mos ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari bunyod etildi. Aeroport, temir yo‘l vokzali modernizatsiya qilindi. Sulton Saodat, Navoiy, Istiqlol, Barkamol avlod ko‘chalarida muhtasham turarjoylar qad rostladi. Hudud markazida jahon andozalariga mos yangi dehqon hamda buyum bozorlari foydalanishga topshirildi. Albatta, bularning barchasi — xalqimiz turmush farovonligi, saodati, yorqin kelajagi uchun! Zero, kelgusi avlodlarga bizdan ozod
va obod Vatan qolsin, deb ta’kidlaydi Yurtboshimiz. Yangidan qurilgan umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, “Surxon” sport majmuasi, Yoshlar markazi, “Baxt uyi” kabi inshootlarda yaratilgan qulayliklar misolida bunga yana bir karra iqror bo‘lamiz. Qolaversa, o‘tgan yili shaharning shimoliy qismida yosh oilalar uchun 64 xonadondan iborat “Kamolot” uyi qurilib, egalariga topshirildi. Hademay, bunday baxtdan masrur yosh oilalar soni yana ikki barobar ortishi kutilayapti. Shu bilan birga, Termiz davlat universiteti yangi qiyofa kasb etdi, uning hududida ko‘p qavatli o‘quv binolari, sport majmuasi, axborot-resurs markazi, 400 o‘rinli talabalar turarjoyi barpo qilindi. Ayni paytda universitet qoshida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, “Amudaryo” sport-sog‘lomlashtirish markazi ham bunyod etilayapti.
Prezidentimizning 2015 yil 22 maydagi qarori asosida tasdiqlangan 2015 — 2017 yillarda Surxondaryo viloyatining yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi Termizdagi yangilanishlarni navbatdagi bosqichga ko‘tarmoqda. Shunga muvofiq, hudud qiyofasiga mos yashil maydonlar, xiyobonlar, avtomobil yo‘llarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy soha hamda bozor infratuzilmasini tubdan takomillashtirish, ekologik muhitni yaxshilash, uy-joy fondini kengaytirish borasida yaxlit chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilayotir.
Muhimi, ularning har biri mahalliy iqlim sharoitlari, sanitariya hamda xavfsizlik talablari, aholi turmush tarzi va yana ko‘plab mezonlar hisobga olingan holda, zamonaviy texnologiyalar, sifatli qurilish materiallari asosida tiklanayapti. Ko‘p qavatli imoratlar hovlisida bog‘ hamda xiyobonlar, gulzorlar, favvoralar, bolalar o‘yin maydonchalari tashkil etilayotir. Qisqasi, aholining farovon hayot kechirishi uchun zarur barcha qulaylik muhayyo qilinmoqda.
E’tiborlisi, ezgu ishlar debochasi hozirdanoq ko‘hna shahar chiroyiga chiroy qo‘shib, uni yanada yashnatib, yashartirib yubordi. Eramizgacha bo‘lgan V asrda asos solingan Termiz istiqloldan keyingi o‘tgan qisqa davr — yigirma besh yil ichida asrlarga tatigulik o‘zgarishlarga yuz tutayotir. Bu esa, o‘z navbatida, dunyo ahli, chet ellik olimlar, ekspertlar va sayyohlar e’tiborini jalb etayapti. Natijada ularda bu go‘zal kentni kelib ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoq tobora kuchayib bormoqda. Har yili shaharga Fransiya, Yaponiya, Germaniya, Xitoy, Italiya, AQSH, Shveysariya, Hindiston, Shvetsiya kabi mamlakatlardan ko‘plab mehmonlar tashrif buyurayotgani so‘zimiz tasdig‘idir. Zero, istiqlol sharofati bilan tarix tilsimlari yashiringan qadamjolar eshiklari ular uchun keng ochilib, ko‘hna bitiklari, osoriatiqalaridan bahra olish imkonini berdi. Pirovardida zamonaviy mehmonxonalar, kempinglar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, turizm ob’ektlari soni yildan-yilga ko‘paymoqda.
— Hukumatimiz tomonidan 2014 — 2016 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan maqsadli dasturga ko‘ra, hozir viloyatda 16 ta tarixiy-madaniy yodgorlik mukammal ta’mirlanayapti, — deydi “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasining viloyatdagi vakili Shuhrat Ibragimov. — Ularning o‘nga yaqini aynan Termiz atrofida joylashgan. Qoratepa, Qirqqiz, Kokildorota, Sulton Saodat, Zurmala, Fayoztepa, Kampirtepa, Said Otaliq madrasasi, Jarqo‘rg‘on minorasi va boshqa noyob arxitektura inshootlarining asl qiyofasini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda. Turizm infratuzilmasi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, shahar mehmonlariga madaniy, transport, savdo, axborot xizmatlari ko‘rsatish tizimi tubdan yaxshilanayapti, tarixiy inshootlar joylashgan manzillardagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda. Denov, Termiz, Qumqo‘rg‘on, Uzun va boshqa tumanlarda zamonaviy mehmonxonalar qurilib, “Termiz — Denov”, “Termiz — Boysun” va “Termiz — Muzrabot” yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etildi. Ekoturizm, etnoturizm rivojlantirilib, sayohatlar dasturi boyitilayotir.
Yurtga mehr-muhabbat, mustaqillik ne’matlari uchun shukronalik tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan farovonlik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik tuyg‘usi ko‘klamning ayni shu pallalarida yanada avjiga chiqib, mamlakatimiz janubidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari sur’ati, unda astoydil yeng shimarib, belini mahkam bog‘lab ishtirok etayotgan fidoyi insonlarning ko‘tarinki ruhiyu mamnun qiyofalarida yaqqol namoyon bo‘layotir.
Qadimiy obidalar bilan yonma-yon barpo etilayotgan zamonaviy me’morchilik inshootlari, ko‘rkam bog‘u rog‘lar, keng va ravon ko‘chalar... Bularning sehru salobati, husnu jozibasi har qanday kishini o‘ziga maftun etadi. Zotan, muazzam Termizning bugungi qiyofasi ana shunday!
Manba: «Xalq So'zi»