Dasturiy vazifalar ijrosi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda muhim o‘rin tutayapti
2016-04-21
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari, shu jumladan, agrar sektorni modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil yetishtirish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda, tabiiyki, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga ustuvor ahamiyat berilayotgani muhim omil bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Melioratsiya — hosildorlik garovi” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida shular xususida batafsil so‘z yuritildi.
Dunyoda aholi soni shiddat bilan o‘sayotgan, iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan hozirgi sharoitda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab ham tobora ortib borayotgani qayd etildi. Shunday ekan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekin maydonlari meliorativ holatini yaxshilash orqali hosildorlikni oshirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Binobarin, yurtimizda ekin maydonlarini soz holatga keltirish, sizot suvlari sathini pasaytirish, yerlarning sho‘rlanish darajasini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami yil sayin kengaymoqda. Bunda Prezidentimizning 2007 yil 29 oktyabrdagi “Erlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim dasturilamal bo‘layapti. Ushbu hujjat asosida Moliya vazirligi huzurida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi tashkilotlarga zamonaviy melioratsiya texnikasi va asbob-uskunalar yetkazib berish maqsadida “O‘zmeliomashlizing” lizing kompaniyasi, melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan 48 ta davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Natijada o‘tgan davrda 2 million gektardan ziyod sug‘oriladigan maydonlarda yer osti sizot suvlari sathi me’yor darajasida ushlab turilib, ular meliorativ holati yomonlashuvining oldi olindi. Shuningdek, kuchli sho‘rlangan maydonlar 36 ming gektarga, yer osti sizot suvlari sathi 2 metrgacha bo‘lgan maydonlar esa 257,3 ming gektarga kamaytirildi. Eng muhimi, bunday tadbirlar amalga oshirilgan yerlarda paxta hosildorligi gektariga o‘rtacha 3-4 sentner, boshoqli don ekinlari esa 4-5 sentner oshdi.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining 2013 yil 19 apreldagi qarori asosida qabul qilingan 2013 — 2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturi doirasida tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligi pasayishiga sabab bo‘luvchi omillarga barham berish yuzasidan ko‘rilayotgan sa’y-harakatlar tufayli shu davr ichida 1 million 130 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.
Joriy yilning uch oyida esa meliorativ ob’ektlarni rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha 26 mlrd. 23,5 mln. so‘mlik ish bajarilib, 151,4 kilometrlik ochiq va 35,5 kilometrlik yopiq-yotiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 3 ta vertikal quduq, bitta gidrotexnik inshoot, 24 ta meliorativ kuzatuv qudug‘i rekonstruksiya qilindi. Bularning barchasi, pirovardida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi sezilarli darajada ortishiga, dehqonlarimiz daromadi yanada ko‘payib, xalqimiz turmush farovonligi bundan-da yuksalishiga xizmat qilishi ayni muddaodir.
Manba: «Xalq So'zi»