Haftalik davom etmoqda

2016-04-20

Toshkent Fotosuratlar uyida Tasviriy va amaliy san’at haftaligi doirasida Sog‘lom ona va bola yiliga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, O‘zbekiston xalq rassomi O.Fayzullayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlar kamoloti va istiqboli yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rliklar yuksak natijalar berayotganini ta’kidladi.

Ko‘rgazmada Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolarining 600 dan ortiq ijod namunasi o‘rin olgan.

Ekspozitsiyalarda maishiy va intererni bezashga mo‘ljallangan sopol va chinni buyumlar namoyish etilmoqda. Usta kulollarning turli yo‘nalishdagi dekorativ buyumlari, haykalcha, bezakli shakl va kompozitsiyalari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

– Biz san’at bayrami doirasidagi mahorat darslarida ipak gilamdo‘zligi bo‘yicha ko‘plab bilimlarga ega bo‘ldik, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumanidagi yengil sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Saida Qurbonova. – Ipak gilamlar uchun naqsh tanlash, to‘qish jarayonida gul tasvirlarining nafisligini ta’minlash, ip tortishga doir ko‘plab sirlarni o‘rganib oldim.

Tasviriy san’at bayramining ikkinchi kunida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari tomonidan tayyorlangan milliy liboslar ko‘rigi, usta va hunarmandlar, musavvirlar ishtirokida mahorat saboqlari, «San’at va san’atshunoslik yoshlar nigohida» mavzuida respublika yoshlar anjumani o‘tkazildi.

Manba: “Jahon” axborot agentligi