O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot
2016-04-19
2016-yil 15-aprelda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy yilning 15-yanvarida respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini baholashga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda iqtisodiyotni va uning tarmoqlarini, eng avvalo, sanoat va qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va modernizatsiyalash, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish va yangilash, xususiy mulkni, tadbirkorlik va kichik biznesni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, shuningdek, aholi bandligi va farovonligi darajasini oshirishning o‘rtacha muddatli dasturlarini amalga oshirishning natijalari ko‘rib chiqildi va har tomonlama tahlil qilindi.
2016-yil uchun qabul qilingan iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarini tizimli va izchil amalga oshirish tufayli global iqtisodiyotda davom etayotgan inqirozli hodisalarga va uning rivojlanishi sur’atlari sekinlashganligiga qaramay, O‘zbekistonda iqtisodiyot o‘sishining barqaror sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosiblik ta’minlanayotganligi qayd etildi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga o‘sdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi – 6,7 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi 12,8 foizga ko‘paydi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi.
Xizmatlarning zamonaviy turlarini, eng avvalo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan turlarini jadal rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xizmatlar hajmlarining 12,1 foizga o‘sishini va ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2015-yilning birinchi choragidagi 59,3 foizdan 59,5 foizgacha ko‘payishini ta’minladi.
Kichik biznesni rag‘batlantirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish shart-sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirish joriy yilning birinchi choragida kichik biznesning 8,4 mingta yoki 2015-yilning shu davridagiga qaraganda 5,5 foiz ko‘p yangi subyekti tashkil etilishiga ko‘maklashdi. Yil boshidan boshlab kichik biznes subyektlariga 3,6 trillion so‘m bank kreditlari berildi, o‘sish 2015-yilning 1-choragidagiga qaraganda 1,3 baravarni tashkil etdi.
2016-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini oshirish dasturi doirasida 167,4 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi, ulardan 57,7 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.
Oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlashga, onalar va bolalarni tibbiy parvarish qilish darajasi va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi tadbirlarini faol amalga oshirish boshlandi. Dastur tadbirlarini moliyalashtirishga joriy yilning birinchi choragida qariyb 1,3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirildi.
Majlis kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, shu jumladan, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni bosqichma-bosqich ko‘paytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirish, respublika hududlarining sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi va natijadorligini batafsil tahlil qilishga alohida e’tibor berildi. Hozirgi vaqtda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari o‘sishining qariyb 80 foizi iqtisodiyotning qayta ishlash tarmoqlari tomonidan ta’minlanayotganligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining e’tibori xomashyoni jahon bozorida talab etilgan tayyor mahsulotga chuqur qayta ishlashning 3-4 bosqichli sikllariga o‘tishni nazarga tutuvchi 2020, 2025 va 2030-yillarga hisoblab chiqilgan sanoatning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish dasturlari loyihalarini ishlab chiqishni tugallashni jadallashtirish va tasdiqlash uchun kiritish zarurligiga qaratildi.
Respublikaning bir qancha xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalari, viloyatlari va tumanlari hokimliklari rahbarlari oldiga 2016-2020-yillarda meva-sabzavot, go‘sht-sut mahsulotlarini, rangli va nodir metallarni chuqur qayta ishlash tadbirlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash va qabul qilingan maqsadli parametrlarga erishish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hokimliklar huzurida yangidan tashkil etilgan hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ma boshqarmalarning samarali ishlashini tashkil etish, shuningdek, tarmoq tuzilmalari bilan birgalikda mintaqalarning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish, joylarda yuqori qo‘shilgan qiymatli, shu jumladan, eksportga yetkazib beriladigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etishning dasturiy chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Sanoat ishlab chiqarishini uzluksiz texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan faol investitsiya siyosati o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmlari 8,5 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar 14,4 foizga o‘sishiga ko‘maklashganligi qayd etildi. 2016-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 368 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi, ular bo‘yicha qurish va rekonstruksiya qilishga pudrat shartnomalari belgilangan tartibda tuzilgan. Mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 37 ta yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq joylarda namunaviy uy-joylar qurish loyihalari faol amalga oshirilmoqda. Farg‘ona vodiysi viloyatlarini respublikaning qolgan hududi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovi bilan birlashtiradigan yangi elektrlashtirilgan Angren-Pop temir yo‘li qurilishi tugallanmoqda. Samarqand-Buxoro temir yo‘lini, yo‘lovchilar tashish poyezdlarining yuqori tezlikda harakatlanishini tashkil etgan holda, elektrlashtirish loyihasi jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Zamonaviy texnologiya bo‘yicha keng polosali foydalanishning 500 kilometrdan ortiq optik-tolali tarmoqlarini qurish va zaxiraga qo‘yish amalga oshirildi. Qishloq turar joy massivlarida 13 mingta yangi shinam uylar, ushbu massivlarda ijtimoiy va bozor infratuzilmasining zamonaviy obyektlarini qurish boshlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida qurilish ishlariga o‘sib borayotgan talabni hisobga olgan holda 2016-yilda 400 tadan ortiq yangi, moliyaviy barqaror va zarur texnika bilan jihozlangan qurilish va montaj tashkilotlari tashkil etishni ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Majlisda mahsulot eksportining tuzilmasini diversifikatsiyalash va turlarini kengaytirish, yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirish, shu asosida 2016-yil uchun belgilangan eksportning prognoz parametrlariga erishishni ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini har tomonlama tahlil qilishga alohida e’tibor berildi. Jahon bozorlarida talabning keskin qisqarishiga, kuchayib borayotgan noaniqlikka va qattiq raqobatga qaramay, eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirish va mahsulotlarning tashqi bozorlarga kirib borishini zarur tarzda qo‘llab-quvvatlash yuzasidan O‘zbekistonda ko‘rilayotgan samarali chora-tadbirlar eksport hajmlari o‘sishi tendensiyalari va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosini ta’minlayotganligi qayd etildi. Yil boshidan boshlab oldin o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 583 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, shuningdek, mahsulotlarning 95 ta yangi turini eksport qilish o‘zlashtirildi.
Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining e’tibori eksportga yetkazib berishni ko‘paytirishning barcha mavjud zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, yangi ishlab chiqarish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishning zarurligiga qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan yangidan tashkil etilgan “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi va unga idoraviy mansub ixtisoslashtirilgan “O‘zagroeksport” tashqi savdo kompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi rahbarlari oldiga belgilangan maqsadli parametrlarga muvofiq yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini joriy yilda eksportga yetkazib berish hajmlari bo‘yicha o‘z vaqtida kontraktlar tuzilishini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Vazirlar Mahkamasi majlisida aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga xorijiy investorlarni jalb etish va korporativ boshqaruv, shuningdek, davlat ulushlari va aktivlarini, shu jumladan, “nul” sotish qiymati bilan sotish hisobiga davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi chuqur tahlil qilindi. Joriy yilning birinchi choragi mobaynida 178 ta davlat aktivi 216 milliard so‘mga yaqin investitsiya majburiyatlari qabul qilingan holda xususiy mulkka sotilganligi qayd etildi. Ustav fondlarida davlat ulushlari bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari soni 2015-yilning shu davridagi 378 ta o‘rniga 209 tagacha kisqardi.
Xo‘jalik birlashmalari, aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlariga Davlat raqobat qo‘mitasi bilan birgalikda 2015-yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro investitsiya forumida erishilgan ahdlashuvlarga muvofiq davlatning va xo‘jalik birlashmalarining aktivlarini xorijiy investorlarga sotishni tezlashtirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi. Ular oldiga, shuningdek, aksiyadorlik jamiyatlarining ustav fondlarida xorijiy kapital ulushini kamida 15 foiz miqdorida ta’minlash maqsadida ularning ustav fondlariga potensial xorijiy investorlarni faol jalb etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi komplekslari, respublika vazirliklari, idoralari, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalari va viloyatlar hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Respublika Hukumatining majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, ularda 2016-yil mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Manba: O'zA