Bolalar sog‘lig‘i davlat e’tiborida
2016-04-18
Milliy matbuot markazida mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari L.To‘ychiyev, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori D.Ahmedova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida mamlakatimizda har tomonlama sog‘lom avlod voyaga yetayotganini ta’kidladi.
Yurtimizda «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» g‘oyasini mujassam etgan dasturlar asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ona-bola skriningi, perinatal, reproduktiv salomatlikni muhofazalashga yo‘naltirilgan xizmatlar rivojlanmoqda. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash, aholi orasida mikronutriyent yetishmovchiligining oldini olish, homilador ayollarni polivitaminlar bilan ta’minlash, unni boyitish, tuzni yodlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Tibbiy madaniyat, sog‘lom turmush tarzi va ratsional ovqatlanish tartiblari keng targ‘ib etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining «2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori va «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar yanada kengaymoqda.
Ushbu hujjatlar asosida tibbiyot muassasalari, xususan, perinatal va skrining markazlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha jahon tibbiyoti yutuqlari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish, patronaj tibbiyot hamshiralarini ko‘paytirish, ayollar va bolalar shifokorlarining malakasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Matbuot anjumanida onalar va bolalarga tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolash yordami ko‘rsatish borasida yaratilgan zamonaviy tizim, bu yo‘nalishda tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.
Manba: O'zA