O‘zbekiston bank tizimi: Barqaror faoliyat, mustahkam kafolat

2016-04-14

Poytaxtimizdagi “Ko‘rgazma savdo markazi” majmuasida bank texnologiyalari, uskunalari va xizmatlari bo‘yicha “BankExpo — 2016” IX milliy ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitalari, O‘zbekiston Banklari assotsiatsiyasi kabi qator tashkilotlar hamkorligida uyushtirildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu ko‘rgazma Prezidentimizning 2015 yil 6 maydagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi, Investitsiya dasturi hamda Yoshlarga oid davlat siyosatida belgilangan vazifalar doirasidagi eng muhim anjumanlardan biridir. Chunki u mijozlarni kreditlash shartlari, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtirish, aholining banklarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, kredit tashkilotlari faoliyati samaradorligini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, mamlakatimiz bank tizimi barqaror faoliyat yuritayotgani nufuzli xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan o‘z e’tirofini topayotgani diqqatga sazovordir. Jumladan, “Moody’s”, “Standart & Poor’s”, “Fitch Ratings” kabi xalqaro reyting agentliklari respublikamiz bank tizimi rivojini muntazam ijobiy baholab kelayapti.

Ko‘rgazmada yurtimizdagi barcha tijorat banki, nobank kredit tashkilotlari, yetakchi sug‘urta va lizing kompaniyalari, axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi kompaniyalar o‘z mahsulot hamda xizmatlarini taqdim qilmoqda.

— Masalan, biz ishtirokchilar e’tiboriga “Mobil banking” dasturi imkoniyatlari va jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hamda ularga hisoblangan foiz to‘lovlarini infokiosklar orqali plastik kartochkalar yordamida amalga oshirish xizmatini havola etayapmiz, — deydi “Qishloq qurilish bank”ning Kreditlash va investitsion faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Kamol Turdiyev. — Bu xizmat turi mijozlar vaqtini tejash barobarida, to‘lovlarni qulay va oson tarzda amalga oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, bankimiz tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida ishbilarmonlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘rik-tanlov e’lon qilingan edi. O‘tgan vaqt ichida unga respublikamiz bo‘yicha bog‘dorchilik, baliqchilik, tikuvchilik, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 180 dan ortiq loyihalar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 5 tasi “Eng yaxshi biznes-reja” deb topildi. Bankimizning Chimboy filiali mijozi — yakka tartibdagi tadbirkor Damir Abdullayev, Quva filiali mijozi — “Leading Flower” xususiy korxonasi rahbari Nabiyaxon Mamajonova, Toshkent mintaqaviy filiali mijozi — “Stimul print” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Asror Hotamov loyihasi shular jumlasidandir.

— Bog‘dorchilik, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanamiz, — deydi Bo‘z tumanidagi “Davr yuksalish sari” fermer xo‘jaligi rahbari Ilhomjon Hakimov. — Bu yil esa baliqchilik tarmog‘ini ham rivojlantirish niyatidamiz. Bunda “Qishloq qurilish bank”ning Andijon viloyati mintaqaviy filiali tomonidan ajratilgan 100 million so‘m miqdoridagi mablag‘ asqatishi, shubhasiz.

Aytib o‘tganimizdek, ko‘rgazmada nobank tashkilotlari ham faol qatnashmoqda. Ular tomonidan namoyish etilayotgan mahsulot hamda xizmatlarga esa ishtirokchilar alohida qiziqish bildirayaptilar.

— Bugungi kunda yurtimizda lizing xizmatlari jadal taraqqiy topmoqda, — deydi “O‘zmeliomashlizing” lizing kompaniyasi direktori Akrom Sulaymonov. — Buning samarasi o‘laroq, moliyaviy xizmatning ushbu turi mijozlarga imtiyozli shartlar asosida uzoq muddatlarga taqdim etilayapti. Xususan, o‘tgan yili kompaniyamiz tomonidan lizing oluvchilarga 257 ta zamonaviy texnika va mexanizm yetkazib berilib, bu borada avvalgi yildagiga nisbatan 60 foiz o‘sish ta’minlandi. Shu bilan birga, yetkazib berilayotgan meliorativ texnikalarimiz turi ham kengaydi.

Mazkur anjuman asnosida bir nechta mijozimiz “Eng yaxshi intizomli to‘lovchi” hamda “Eng sifatli servis xizmati” yo‘nalishlarida taqdirlanadi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda tijorat banklari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, bu jarayonga, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratayapti. Xususan, bu galgi tadbirda banklar tomonidan chekka hamda aholi zich joylashgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga imtiyozli kredit ajratish huquqini beruvchi 500 dan ortiq sertifikatlar topshiriladi.

Ko‘rgazma davomida, shuningdek, “Bank tizimida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan imtiyoz va qulayliklar” mavzuida ochiq muloqot ham o‘tkazilishi rejalashtirilganki, bu anjumanning yanada samarali kechishidan dalolat beradi.

Manba: «Xalq So'zi»