Natijalar tahlil qilindi, vazifalar belgilandi

2015-07-24

Joylarda joriy yilning birinchi yarmida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2015 — 2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o’zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo’yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag’ishlangan faollar yig’ilishlari bo’lib o’tmoqda.

Qoraqalpog’iston Respublikasi. Jo’qorg’i Kenges raisi M. Erniyazov boshqargan yig’ilishda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha bir qator yutuqlarga erishilgani ta’kidlandi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 108,8 foizni tashkil etgani holda, kichik biznesning hissasi 49,6 foizga, xizmat ko’rsatish 55,1 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlari tayyorlash ko’lami 110 foizni tashkil qildi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi esa 107,4 foizdan iborat bo’ldi.

2015 yilga mo’ljallangan Investitsiya dasturiga muvofiq, Qoraqalpog’istonda barcha manbalar hisobidan 5 trillion 799 milliard so’mlik sarmoyalarni o’zlashtirish belgilangan. Ayni chog’da ushbu mablag’ hisobidan shifoxonalar, ta’lim muassasalari, bolalar sporti va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida qurilish hamda rekonstruktsiya ishlari olib borilayotir. Mazkur dastur asosida 88 ta suv ta’minoti inshootida amalga oshirilgan qurilish ishlari natijasida 113 mingdan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilandi.

Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bo’yicha sanoat, servis va qishloq xo’jaligi sohalarida 81 milliard so’mlik 1 ming 232 ta loyiha ro’yobga chiqarildi.

Davlatimiz rahbarining Farmoniga muvofiq esa, 2015 — 2019 yillarda 748 million AQSH dollarilik 8 ta loyihani amalga oshirish ko’zda tutilgan. Hozirgi kunda Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasida 700 million dollarlik investitsiya hisobidan rekonstruktsiya tadbirlari boshlab yuborildi. Shu bilan birga, 48 million dollarlik sarmoya hisobidan 5 ta eski paxta tozalash zavodi negizida zamonaviy yengil sanoat korxonalarini tashkil etish belgilangan. Ular faoliyat boshlashi bilan 5 mingga yaqin ish o’rni yaratiladi.

Yig’ilishda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, yo’l qo’yilgan kamchiliklar ko’rsatilib, ularni bartaraf etish choralari belgilab olindi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi faollari yig’ilishida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A. Ikramov so’zga chiqdi.