Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari Forumi
2016-04-08
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari yetakchilarining II Respublika Forumi o‘tkazildi. Unda tarmoq va hududiy, turli korxona, tashkilot hamda muassasalar boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda bugun mamlakatimizdagi korxona, tashkilot hamda muassasalarda 37 ming 457 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti bo‘lib, ular tomonidan 6 million 200 ming nafardan ziyod a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoya qilib kelinayotgani alohida ta’kidlandi. Bu borada, albatta, keyingi yillarda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ularning korxona, tashkilot hamda muassasalar ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni va rolini yuksaltirish maqsadida tizimli ishlar olib borilayotgani muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kasaba uyushmalari tizimini modernizatsiyalash borasida amalga oshirilayotgan salmoqli sa’y-harakatlar tufayli boshlang‘ich tashkilotlar moliyaviy salohiyati sezilarli darajada oshdi. Bu, o‘z navbatida, kasaba uyushma a’zolarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, nafaqat xodimlar, balki ularning yaqin qarindoshlarini ham sanatoriylarning imtiyozli yo‘llanmalari bilan ta’minlash imkonini berayotir. Xususan, kasaba uyushma a’zolari avvalgidek 5 yilda emas, balki har 2 yilda bir marta tizimdagi sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanma olishlari mumkin.
Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining ish beruvchilar bilan ijtimoiy sherikligini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilayapti. Pirovardida kasaba uyushma a’zolari mehnatidan foydalanuvchi yuridik shaxslarni jamoa-shartnomaviy munosabat bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 2013 — 2015 yillar davomida 3 foiz ortib, 99,3 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, korxona, tashkilot va muassasalardagi jamoa shartnomalari soni 2013 yildagi 97,5 mingta o‘rniga 122 mingtaga yetdi.
Forum qatnashchilari tomonidan Bosh kelishuvdan kelib chiqib, jamoa shartnomalari va kelishuvlar mazmun-mohiyatining boyitilishi nafaqat xodimlar, balki ular oila a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qilayotgani e’tirof etildi. Jumladan, ushbu lokal hujjatlarga xotin-qizlar hamda yoshlar manfaatlari himoyasini kuchaytirishga oid yangi bo‘lim va bandlar kiritilib, ular uchun imtiyozlar ko‘lami kengaytirildi. Natijada xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ta’tildan foydalanish, yosh oilalarga foizsiz ssuda berish, yosh bolali onalarga moddiy yordam ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yaratildi.
Anjumanda ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar chuqur tahlil qilinib, bu borada ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatiga oid taqdimot o‘tkazildi.
Shundan so‘ng boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari uchun amaliy mashg‘ulot uyushtirildi. Ularda boshlang‘ich tashkilotlarni tashkiliy jihatdan mustahkamlash, huquqiy himoya funksiyalarini amalga oshirish, xodimlar uchun xavfsiz, munosib mehnat sharoitlari yaratish, ish beruvchilar bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, mehnat munosabatlarini ijtimoiy sheriklik asosida tartibga solish masalalari tahlil qilindi va bu borada muvaffaqiyatga erishgan tashkilotlarning ijobiy tajribalari o‘rganildi.
Yakunda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha dastur qabul qilindi.
Manba: «Xalq So'zi»