Qoraqalpog‘iston Respublikasi: Investitsiya, modernizatsiya va eksport salohiyati

2016-04-08

Iqtisodiyotni mustahkamlash, shu tariqa yurtni dunyoga tanitishda tashqi savdo amaliyoti katta ahamiyatga ega. Buning uchun mazkur sohani jadal rivojlantirish, eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash talab etiladi.

Aytish joizki, Prezidentimizning 2012 yil 26 martdagi “Eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirishni kuchaytirish va raqobatbardosh mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni kengaytirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida respublikamizda ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chet el sarmoyadorlari ishtirokida 64 ta qo‘shma korxona tashkil qilingan bo‘lib, ularda ichki va tashqi bozorda raqobatdosh mahsulotlar tayyorlanayapti. Shundan 15 tasi eksportchi korxona ekanligi diqqatga sazovordir.

— Orolbo‘yida tashqi savdo hajmi yildan-yilga ko‘paymoqda, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining bo‘limi boshlig‘i Murat Allabayev. — 2013 yilda eksportga chiqarilgan mahsulotlar hajmi 24,5 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2014 yilda 28,1 million dollarga yetdi. O‘tgan yilda esa 34,2 million AQSH dollari miqdorida eksport amaliyoti bajarildi. Bu borada hududiy korxonalarda belgilangan reja 104 foizni tashkil etdi.

Mazkur jarayonda tadbirkorlar faol qatnashayotgani e’tiborga loyiq. Chunonchi, Nukus shahridagi “Qaldiboyev Tengel” xususiy korxonasi xalq iste’moli mollari, “Artemiya Global” mas’uliyati cheklangan jamiyati artemiya urug‘i, Amudaryo tumanidagi “Jumamurod novvoy” fermer xo‘jaligi meva-sabzavot, Kegeyli tumanidagi “Sayot Angor” mas’uliyati cheklangan jamiyati qizilmiya ildizi, Xo‘jayli tumanidagi “Zamirbek-Taxiatosh” xususiy korxonasi qurilish mahsulotlari bilan tashqi bozorga dadil kirib borayapti.

— Korxonamizda tayyorlanayotgan bruschatka, shlakoblok, profnastilga talab yuqori, — deydi “Zamirbek-Taxiatosh” xususiy korxonasi rahbari Ahmad Hasanov. — Aytaylik, yo‘lak uchun ishlatiladigan beton bruschatka sovuqqa chidamli va mustahkam, undan ko‘p yillar mobaynida foydalanish mumkin. Shlakoblok esa nafaqat arzon, balki yengil, issiqlikni yaxshi saqlaydi, shovqinni o‘tkazmaydi. Qolaversa, bittasi 12 ta g‘isht o‘rnini qoplaydi. Profnastilga kelsak, u tomyopqich, devor yoki to‘siq sifatida qo‘llaniladi. Ayni paytda kuniga 16 million so‘mlik ana shunday mahsulotlarni ishlab chiqarib, buyurtmachilarga yetkazib berayapmiz.

Beruniy tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Astera Textile” xorijiy korxonasi ham tashqi bozorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlaridan biridir.

— Modernizatsiya tadbirlari doirasida sexlarimiz umumiy qiymati 14 million 29 ming AQSH dollarilik zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi, — deydi MCHJ rahbari o‘afurjon Soliyev. — Natijada yiliga 5 ming tonna kalava ip ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Shuningdek, jamoamiz a’zolari soni ham 300 nafarga yetdi.

Aytish joizki, “Astera Textile” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlarning asosiy qismi eksport uchun mo‘ljallangan. O‘tgan yili 3 million 247 ming AQSH dollarilik kalava ip xorijga sotildi.

Yurtimiz eksport salohiyatini yuksaltirishda bu kabi yengil sanoat korxonalari hissasi ham tobora oshmoqda. O‘tgan yili Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oltita korxona tomonidan 6,7 million AQSH dollarilik mahsulotlar eksportga chiqarilib, oldingi yildagiga nisbatan 1,3 barobar o‘sishga erishilgani ana shundan dalolatdir.

Ta’kidlash kerakki, Orolbo‘yida eksportchi korxonalar iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotir.

Manba: «Xalq So'zi»