Energetika tizimi istiqbollari
2016-04-07
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligini ta’minlashda -energetika tizimining alohida o‘rni bor. Xususan, sohada hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish, aholi turmush -farovonligini yuksaltirishning muhim omili bo‘lmoqda. Buni joylarda olib -borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
To‘raqo‘rg‘on tumanining Shohidon qishlog‘i hududidagi 76 gektar maydonda barpo qilinayotgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” ana shunday yirik loyihalardan biridir. Davlatimiz rahbarining maxsus qarori bilan qurilishi boshlangan mazkur inshoot orqali Farg‘ona vodiysi viloyatlarida elektr ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Stansiya uchun zarur jihozlar Yaponiyaning “JICA” agentligi tomonidan yetkazib berilayotir. Umumiy qiymati 1 milliard 195,9 million AQSH dollarilik ushbu loyihaning birinchi bosqichi doirasida 2017 yilga borib -quvvati 450 megavatt bo‘lgan eng zamonaviy bug‘-gaz turbinasi ishga tushiriladi. 2019 yilda esa uning ikkinchi bloki foydalanishga topshiriladi.
— Loyiha ijrosiga kirishilganidan buyon 15 milliard so‘mlikka yaqin bunyodkorlik -ishlari bajarildi, — deydi bosh pudratchi — “Sirdaryo IES qurilish” unitar korxonasi rahbari o‘rinbosari Karimjon Asroqulov. — Jumladan, ma’muriy bino, o‘t o‘chirish qismi, suv ta’minoti inshooti qurib bitkazildi. Ishlab chiqarish ehtiyojlarida foydalanish va ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Rovot qishlog‘idan alohida tarmoq tortildi. Bundan tashqari, stansiyagacha bo‘lgan oraliq masofada ikkita avtoyo‘l qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Ayni paytda ishchilar uchun har biri 32 xonadonga mo‘ljallangan ikkita turarjoy barpo etilayapti.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirgi kunda Farg‘ona vodiysi viloyatlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 1700 megavatt soatga teng. Aholi soni va ishlab chiqarish tarmoqlari ko‘payishi bilan 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1900 megavatt soatga yetishi kutilmoqda.
“To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi”da hosil qilinadigan quvvatlar bu ehtiyojni to‘la qondiradi. Yana bir muhim jihati, eng ilg‘or texnologiyalar sharofati bilan yiliga 726,9 million kub metr tabiiy gaz -iqtisod qilinadi.
Namanganda elektr energiyasidan samarali foydalanish, iste’molchilarning talablarini qondirish borasida boshqa qator tadbirlar ham izchil amalga oshirilayapti.
— Viloyatimiz ahli hamda iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji yil sayin ortmoqda, — deydi “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati texnik ishlab chiqarish xizmati boshlig‘i Ahadxon Akbarov. — Masalan, 2001 yilda bu ko‘rsatkich 7 million kilovatt soatni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi paytga kelib, 10 million kilovatt soatdan oshdi. Shunga muvofiq, mavjud podstansiyalar va uzatish tarmoqlarini soz holatda saqlash, qo‘shimcha kuchlanish hamda uzatish vositalarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunonchi, keyingi paytlarda Namangan shahrida, Norin tumanining Haqqulobod shaharchasi, Uychi tumanining Jiydakapa qishlog‘ida yuqori quvvatga ega qo‘shimcha podstansiyalar qurilib, foydalanishga topshirildi. O‘tgan yili qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan turarjoy mavzelarining tashqi elektr ta’minoti uchun 19,3 kilometr uzunlik-da uzatish tarmoqlari,
21 majmuada transformatorlar ishga tushirildi. Binobarin, Namangan shahridagi bir qator mahallalarda “GES-11A” podstansiyasining ikkinchi navbati foydalanishga topshirildi. Pop tumanining Chodak qishlog‘ida uzatish tarmoqlari rekonstruksiya qilindi.
Ma’lumki, yaqinda Prezidentimiz qarori bilan Namangan viloyatining sanoat salohiyati va infratuzilmasini keskin rivojlantirish bo‘yicha 2016 — 2019 yillarga mo‘ljallangan maxsus dastur qabul qilindi. Hudud taraqqiyoti, aholi farovonligini yanada oshirishga yo‘naltirilgan ushbu hujjatda energetika tizimini rivojlantirishga xizmat qiladigan bir qator loyihalar ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning ijrosi sohadagi islohotlar ko‘lamini yanada kengaytiradi. Namangan shahridagi “Elektrqishloq qurilish” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining quvvatlarini oshirish, viloyatdagi qator elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiyalash, “Angren — Pop” temir yo‘li qurilishini elektrlashtirish, ko‘plab sanoat korxonalarida mavjud podstansiyalarni almashtirish, yangilarini qurish singari vazifalar shular jumlasidandir. Masalaning yana bir muhim jihati, Namanganda muqobil energiya manbalarini o‘zlashtirish ishlari ham o‘z natijasini berayapti. Xususan, o‘tgan yil boshida Pop tumanida barpo etilgan, soatiga 130 kilovatt tok ishlab chiqaruvchi fotoelektr stansiyasida olib borilgan sinov-tajriba ishlari o‘zini oqladi. Mutaxassislar bu yerda o‘rnatilgan quyosh panellarini hududlarga joylashtirish bo‘yicha o‘z xulosalarini berdilar. Shundan kelib chiqib, yuqoridagi Dasturga 100 megavatt quvvatli fotoelektr stansiyasini bunyod etish loyihasi ham kiritildi. Mazkur inshoot qurilishiga 210 million AQSH dollarilik investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan. Ushbu ob’ekt bitkazilishi bilan viloyat kunlik energiya iste’molining to‘rtdan bir qismini qayta tiklanadigan manbalar hisobiga qoplash imkoniyati yuzaga keladi.
Muxtasar aytganda, energetika tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va yaqin kelajakda ro‘yobga chiqariladigan loyihalar ijrosi taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan soha istiqbolini ta’minlashi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: «Xalq So'zi»