Doimiy g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi

2016-04-02

Toshkent viloyati Zangiota tumanida yangi chegara posti binosi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida Qurolli Kuchlarni har tomonlama takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Harbiy qismlar zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanib, shaxsiy tarkibning ijtimoiy-maishiy sharoitlari yaxshilanmoqda. Harbiy xizmatchilarga zamonaviy uy-joylar topshirilmoqda.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga muvofiq, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash yanada kengayayotgani ta’kidlandi. Jumladan, zamonaviy loyihalar asosida harbiy shaharchalar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, ularda oilalar talab va ehtiyojlariga mos infratuzilmalar hamda qulay ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratilmoqda.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samarasini Zangiota tumanidagi “Fozilov” qo‘rg‘oni misolida ham ko‘rish mumkin. Bu yerda yangi chegara posti majmuasi va uy-joylar foydalanishga topshirildi.

“Omilkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etilgan yangi uylar va chegara postining xizmat binosida shinamlik, iliqlik va osoyishtalik uyg‘unlashgan. Zamonaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan chegara postida xizmatni o‘tash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Turar joylarda zamonaviy qulayliklar muhayyo etilgan.

– Yangi xonadonga ega bo‘lganimizdan juda xursandmiz, – deydi shartnoma bo‘yicha oddiy askar Zuhriddin Abdurahmonovning turmush o‘rtog‘i Shahlo Abdurahmonova. – Keng, yorug‘ va shinam xonalar zarur maishiy texnikalar bilan jihozlangan.

Vatan himoyasi – eng mas’uliyatli va sharafli burchdir. Chunki chegara kecha va kunduz, har qanday ob-havo sharoiti, quruqlik, suv va havoda qo‘riqlanadi. Bu chegarachilardan mustahkam iroda va burchga sodiqlikni talab etadi.

– Biz uchun yaratilayotgan sharoitlar va qulayliklar yanada fidokorona mehnat qilish va professional ko‘nikmalarimizni muntazam takomillashtirishga undaydi, – deydi serjant Ilhom Andaqulov. – Doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Tadbir taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert bilan yakunlandi.

Manba: O'zA