Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlandi

2016-04-02

Toshkentda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi H.Ketmonov va boshqalar Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, perinatal va skrining markazlari, patronaj xizmatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni jismonan sog‘lom va intellektual yetuk shaxs etib tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Joriy yilning birinchi choragida shu va boshqa masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining mahalliy kengashlardagi jamoatchilik qabulxonalariga fuqarolardan 2 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 85 foizdan ortig‘i ijobiy hal etildi. Dolzarb masala va vazifalar partiya guruhlari yig‘ilishlari va tegishli sessiyalarda muhokama qilindi.

Plenumda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda, tegishli qonunchilikni takomillashtirish maqsadida barcha partiya tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi hamkorligini yanada faollashtirish va kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Chunonchi, Davlat dasturida belgilangan olis va chekka qishloq hamda tumanlar aholisi, ayniqsa, ayollar uchun zarur tibbiy-ijtimoiy, maishiy sharoitlar yaratish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari barpo etish, qishloq aholisini ichimlik suvi, tabiiy gaz bilan ta’minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Plenumda partiya a’zolarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va demokratik o‘zgarishlar jarayoni hamda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturidagi vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Manba: O'zA