Ustuvor vazifalar muhokamasi
2015-07-24
Sirdaryo viloyatida 2015-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi ta’minlanib, asosiy sohalar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari izchil bajarilmoqda.
Iqtisodiyot tizimida yaratilgan qulay shart-sharoitlar samarasida 2015-yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyat yalpi hududiy mahsuloti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,4 foizga oshdi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 107,4 foizga ta’minlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 105,9, qurilish-pudrat ishlari 101,5, chakana tovar aylanmasi 119,5, jami xizmatlar 116,5, eksport hajmi 87,3 foiz, jumladan, hududiy eksport hajmi 100,3 foizga ta’minlandi. Natijada yalpi hududiy mahsulot hajmida kichik biznesning ulushi 65, xizmatlar ulushi 41,3 foizga yetdi.
Hisobot davrida Sirdaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shular haqida so‘z yuritilib, keyingi yarim yillikda amalga oshiriladigan ishlar tahlil qilindi.
Viloyat hokimi O.Ashurmatov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va ularning ahamiyati, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar hissasi tobora ortib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 66 taga yetdi va ular tomonidan qariyb 162,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
O‘tgan yarim yilda viloyatda 91 sanoat korxonasi tashkil etildi. Viloyatdagi 1113 sanoat korxonasidan 17 tasi yirik ishlab chiqarish subyektlaridir. Ular tomonidan joriy yilning olti oyi mobaynida 649,7 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy muassasalarni kuz-qish davrida barqaror ishlashga hozirlash hamda 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.