Vazifalar belgilab olindi

2016-03-30

O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Toshkent shahar partiya kengashining hisobot davridagi faoliyati tahlil qilinib, partiya ishini bugungi kun talablari asosida yanada kuchaytirish va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida partiya kengashi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama etildi.

Kengash tomonidan o'tgan 2015 yilda yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini fuqarolarga etkazish, aholining huquqiy madaniyati va ongini oshirishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan ko'plab tadbirlar o'tkazildi. Bu boradagi ishlarda Mirobod, Yakkasaroy, Yunusobod tuman kengashlarining faolligi alohida qayd etildi.

Yig'ilishda ta'kidlandiki, partiyaning saylovoldi dasturi 2015-2019 yillarda partiya faoliyatini rejalashtirish va tashkil qilish uchun asos sifatida xizmat qiladi hamda kelgusi faoliyatda partiyaning barcha bo'g'inlardagi tashkilotlari bilan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlik guruhining mustahkam hamkorligiga asoslanadi. Unda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlarining faoliyati, saylovchilar bilan ishlash, murojaatlarga kechiktirmay javob berish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Bu esa partiya nufuzining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Tadbirda so'zga chiqqanlar partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda ishchilar manfaatlarini himoya qilish, tibbiy yordam sifatini oshirish, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta'minlash tizimini mustahkamlash, uy-joy kommunal kompleksi faoliyatini yanada yaxshilash, aholini sifatli xizmatlar bilan ta'minlash, sohaga yo'naltiriladigan mablag'larning samarali va oqilona sarflanishi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi vazifalar ijrosiga e'tibor qaratish lozimligi aytib o'tildi.

Shuningdek, ayollar va bolalar bilan ishlash, deputatlar tashabbuskorligini oshirish, boshlang'ich tashkilotlar ishini kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.