Qonuniylikni mustahkamlashning muhim omili
2016-03-29
Parlament nazorati parlament faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni, samarali huquqni qo‘llash amaliyotining ajralmas qismidir.
Binobarin, Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga Qonunchilik palatasi tomonidan shu yil 10 martda qabul qilingan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasi kiritilishi rejalashtirilayapti.
Muxbirimiz mazkur huquqiy hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Botir MATMUROTOV bilan suhbatlashdi.
— Istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab hokimiyatlar bo‘linishi kons-titutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, qonun chiqaruvchi hamda vakillik hokimiyatining vakolatlari va nazorat funksiyalarini kuchaytirish mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning asosiy yo‘nalishiga aylandi. Yangilanishlar jarayonida yurtimizda ikki palatali parlament shakllantirildi. Pirovardida esa Senat mintaqalar manfaatlarini ifoda etib, Qonunchilik palatasi professional tarzda ish olib bormoqda. Bu qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini oshirishga, umumdavlat va hududiy manfaatlarning uyg‘unlashuviga olib keldi.
Oliy Majlis faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarning qabul qilinishi amaliyotga joriy etilayotgan qonunchilik hujjatlari, davlat dasturlari ustidan parlament nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini belgilab berib, parlamentning nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini va amaldagi qonunlarning ta’sirchanligini ta’minlash imkoniyatini yaratdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2010 yil noyabr oyida ilgari surilgan -Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, parlamentning davlat hokimiyati tizimidagi rolini sezilarli darajada yuksaltirish, uning vakolatlarini kengaytirish, qonunlarning so‘zsiz bajarilishi bo‘yicha ijro organlari mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiluvchi tashabbuslar ro‘yobga chiqarildi. Misol uchun, 2014 yilda Asosiy Qonunimizga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi bilan parlament nazorati instituti Oliy Majlisning eng muhim vakolati sifatida konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz parlament palatalarining 2015 yil 23 yanvardagi qo‘shma majlisida konstitutsiyaviy islohotlar nuqtai nazaridan Oliy Majlis palatalari va eng avvalo, fraksiyalarning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy davlat dasturlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlash borasidagi faoliyati sifat jihatidan yangi asosda qurilishi lozimligini senator va deputatlarga alohida -ta’kidlagan edi.
Shulardan kelib chiqib, bugun ushbu sohada yagona bazaviy qonunni qabul qilish, bu boradagi huquqiy me’yorlarni unifikatsiyalash zarurati paydo bo‘ldi.
Bu haqda davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ham alohida to‘xtalib o‘tgan edi.
— Mazkur huquqiy hujjatni tayyorlash jarayonida qanday ishlar amalga oshirildi?
— “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunni tayyorlash, uni har tomonlama -muhokama qilishda deputatlar, olimlar, mutaxassislar, huquqshunoslar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, mahalliy va xorijlik ekspertlarning keng doirasi ishtirok etdi. Deputatlar mazkur sohaga taalluqli amaldagi qonunchilikni batafsil o‘rganib chiqib, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa mamlakatlar parlamentlari faoliyatini huquqiy tartibga solish amaliyotini qiyosiy tahlildan o‘tkazishdi. Ushbu huquqiy hujjat loyihasi konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari shaklida mufassal muhokama qilindi. Qonun chiqaruvchilar kelib tushgan barcha taklifni inobatga oldilar. Davlat organlari, ilmiy va o‘quv muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlarining tegishli sohalarda ilmiy, amaliy, qonun loyihalarini tayyorlash tajribasiga ega yuqori malakali mutaxassislaridan tarkib topgan ekspert guruhi Senatdagi mas’ul qo‘mitada mazkur qonunni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish ustida ish olib bordi. Shu asosda ular ishtirokida tegishli xulosa tayyorlandi.
— “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonun qanday yangiliklarni o‘z ichiga oladi?
— Ko‘rib chiqilayotgan Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari ijrosi ustidan parlament nazoratini ro‘yobga chiqarishning yagona mexanizmi mustahkamlanib, u davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda mas’uliyatini oshirishga yo‘naltirilgan. Huquqiy hujjatda parlament nazoratining sub’ektlari sifatida Oliy Majlis palatalari, ularning qo‘mitalari va komissiyalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar, senatorlar, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) belgilab -berilgan.
Parlament nazorati ob’ekti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarini, parlament palatalarining qarorlarini, davlat dasturlarini ijro etish, -shuningdek, o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyati ekanligi ko‘rsatib o‘tilayapti.
Parlament nazorati shakllarining aniq mustahkamlab qo‘yilishi, shuningdek, ularni amalga oshirish tartibi batafsil belgilab berilayotgani qonun ijrosini bir xilda ta’minlash, parlament faoliyatining nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Qonunda Davlat budjeti ijrosining bajarilishini ko‘rib chiqish, Bosh vazirning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan hisobotini, hukumat a’zolarining axborotlarini, Hisob palatasining, Bosh prokurorning, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Markaziy bank hisobotini eshitish nazarda tutilgan. Shuningdek, unda parlament so‘rovi, deputat va senator so‘rovi, Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari tomonidan qonun hujjatlari ijrosining holatini o‘rganish kabi shakllar mustahkamlangan.
Parlament amaliyotida sinovdan o‘tib bo‘lgan hamda hayotga tatbiq etilgan qonunlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, mavzusi jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muayyan omillar yoki voqealarni o‘rganish hisoblangan parlament tekshiruvi va boshqalar parlament nazoratining yangi shakllari sirasiga kiritilayapti.
Huquqiy hujjatda parlament nazoratining barcha majmui o‘z ifodasini topgani ham dolzarbdir. Zero, u mazkur faoliyat natijalari, shular bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ijrosi, shuningdek, parlament nazorati sub’ektlari va ob’ektlari vakillarining majburiyatlarini o‘z ichiga oladi. Qo‘mita ekspertlarining fikricha, ushbu normalar qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini, parlament nazoratining ta’sirchanligini ta’minlaydi. Ochiqlik va oshkoralik esa mazkur jarayonlarda jamoatchilik nazorati rolini kuchaytirib, davlat hokimiyati organlari mansabdorlari mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Parlament nazorati qonunchilik asoslarini takomillashtirish, qonunlar va davlat dasturlarining bajarilishini ta’minlashda parlament roli, uning nazorat faoliyati samaradorligini yuksaltirish huquqiy davlat barpo etishdek pirovard maqsadimizga erishish yo‘lidagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishning muhim omili hisoblanadi.
Manba: «Xalq So'zi»