Dolzarb vazifalar belgilandi

2016-03-29

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar, partiya oldida turgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi S.Otamurodov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni kamolga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bu jarayonda partiya bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari, mutaxassislar ishtirokidagi uchrashuvlar, aksiyalar o‘tkazmoqda. Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish dolzarb ahamiyatga ega.

Tadbirda o‘tgan yilda erishilgan natijalar, hayotga tatbiq etilgan loyihalar atroflicha tahlil qilindi. Joriy yilda partiya hududiy tashkilotlari faoliyatini kengaytirish, tashabbuskorlikni kuchaytirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ona va bola salomatligini ta’minlash borasida turli tadbirlar tashkil etish yuzasidan fikrlashildi.

Viloyatning chekka tumanlarida yashovchi aholi, xususan, xotin-qizlar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy sharoitlar yaratish, qishloq joylarda qurilayotgan namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari sifatini yanada oshirish ishlarini izchil davom ettirishda partiya a’zolari faol ishtirok etishi lozim. Bunda hududiy partiya tashkilotlari, targ‘ibotchi guruhlar zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat yuklanadi.

Har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirish partiya tashkilotlarining asosiy vazifalaridandir.

Manba: O'zA