Turizmni rivojlantirish hududiy dasturi qanday bajarilmoqda
2016-03-28
Viloyatda 255 ta madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, 18 ta arxeologiya, 133 ta arxitektura, 66 ta haykaltaroshlik yodgorliklari, 6 tasi diqqatga sazovor joylar va 32 ta muqaddas joylardir.
Ulardan samarali foydalanish maqsadida 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining "Xorazm viloyatida 2013-2015 yillarda turizm sohasini rivojlantirish dasturi” to‘g‘risidagi Qarori qabul qilingan edi.
O‘tgan davr mobaynida ushbu muhim hujjat ijrosini ta’minlash borasida qator tizimli ishlar amalga oshirildi.
Natijada viloyatda 2012 yilga nisbatan sayyohlik tashkilotlari soni 36 tadan 59 taga, shundan mehmonhonalar soni 26 tadan 42 taga, turistik firma va turagentliklar soni 10 tadan 17 taga etdi. Jumladan 16 ta mehmonxona, 7 ta sayyohlik tashkilotlari yangidan tashkil qilindi.
Bugungi kunda viloyatdagi tashkil etilgan 5 ta mehmonxonaga chet el investitsiyalari jalb etilgan. Mehmonxonalardagi o‘rinlar soni 1,5 barobarga oshib 1477 tadan 1967 taga etkaziddi. Shularning 490 tasi yangidan tashki etilgan 18 ta mehmonxona hisobiga ortgan. Bugungi kunda qurilishi davom etayotgan 16 ta mehmonxona hisobiga qo‘shimcha yana 700 ta mehmonxona o‘rinlari tashkil qilinadi va ularning soni 2667 taga etadi.
O‘tgan yilda viloyatimizga dunyoning 80 dan ortiq davlatidan 41 mingdan ortiq xorijiy sayyohlar viloyatimizga tashrif buyurishdi. O‘tgan yilda viloyatdagi eksport hajmi 49 mln.dollarni tashkil qilgan bo‘lsa uning 31 foizi turizm sohasiga to‘g‘ri keldi, bu ko‘rsatkich 2012 yilda 1,7 foizni tashkil etgan edi.
Dunyoda davom etayotgan inqtisodiy inqiroz xorijiy sayyohlar sonini sezilarli darajada oshirish imkonini bermayapti. Ammo qilinayotgan sa’y – harakatlar ularning sonini qirq ming atrofida saqlash imkonini bermoqda.
Yana bir muhim ko‘rsatkich. 2012 yilda bir nafar xorijiy sayyohning viloyatdagi o‘rtacha xarajati 80 AQSh dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 180-200 AQSh dollarni tashkil etmoqda. Ularning viloyatimizda qolishi 2012 yildagi o‘rtacha 1,1 sutkadan hozir 1,5 sutkagacha ko‘paydi.
Shuning bilan birga asosiy e’tibor ichki turizmni rivojlantirishga qaratilmoqda va bu o‘z samaralarini bermoqda. Ularning soni 2012 yilda 724,7 ming nafar bo‘lsa 2015 yilda 737,8 ming nafarni tashkil qildi. 2020 yilga borib ichki sayohlar soni 800 ming nafarga etishi kutilmoqda.
Ta’kidlash kerak-ki, 2014 yil 1 avgustdan boshlab, Respublikamizdagi bolalar va ularning hamroqlari uchun har haftaning seshanba va juma kunlari "Ichan qal’a” majmuasiga tashrif bepul qilib belgilangan.
2014 yilda 70 ming nafar hamda 2015 yilda 100 ming nafar bola va ularning hamroqlari ana shu qoidaga asosan majmuaga qabul qilingan.
"Turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xududning sayyohlik yo‘nalishlari va xizmatlarini takomillashtirish, sayyohlik imkoniyatini namoyish qilish ishlarini amalga oshirish, sayyohlar uchun qo‘shimcha ob’ektlar infratuzilmasini yaxshilash, turizm sohasi mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish” bo‘yicha dastur doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, turistlarga yangi sayyohlik yo‘nalishlari taqdim qilish borasida Xiva tumanida "Bog‘i shamol”, "Xiva qorako‘l” fermerlik xo‘jaligida, "Eshon Ravot” ko‘lida, Bog‘ot tumanida "Qalajiq qal’a”, Urganch tumanidagi "Ulli hovli” ob’ektlarida yangi sayyohlik infratuzilmalari tashkil etildi.
Shuning bilan bir qatorda Urganch halqaro aeroporti binosini zamonaviy halqaro standartlar talablari hamda zarur infratuzilmalarni e’tiborga olgan holda qayta ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari yuksak darajada bajarildi. Yangi kutib olish va kuzatish terminallari jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy qulayliklarga ega bo‘ldi. Bu erda keng va yorug‘ zallarga eng so‘ngi rusumdagi jihozlar o‘rnatildi. Ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, "Duty free” do‘koni, qahvaxona shular jumlasidandir. Bundan tashqari binoda 200 yo‘lovchi sig‘imiga ega tranzit hamda "VIP” ,"CIP” zallari, sayyohlar uchun maxsus, qulay xizmat turi - axborot ofisi tashkil etildi. Xozirda Parij, Milan (mavsumda, aprel-sentyabrda) va Rossiyaning Moskva, Sankt - Peterburg, Volgagrad shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qatnovi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Urganch shahridagi temir yo‘l vokzali zamonaviy uslubda ta’mirlanib Toshkent-Urganch yo‘nalishi bo‘ylab haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari hamda haftaning payshanba, shanba, va dushanba kunlari Toshkent-Shovot yo‘nalishlarini Urganch orqali qatnovi tashkil etilgan. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha "O‘zbekiston temir yo‘llari” DATYK tomonidan turistik kompaniyalarning talabiga muvofiq qo‘shimcha vagonlar ulab berilishi imkoniyati mavjud. "O‘zbekiston temir yo‘llari” DATYK tomonidan 5 ta lyuks vagon, milliy uslubda bezalgan restoran vagon va SV, kupe vagonlardan iborat maxsus poezdlar tarkibi tashkil etildi.
Bundan tashqari, Urganch Volgagrad, Toshkent-Urganch-Saratov, Urganch-Qarshi, Toshkent-Urganch-Buxoro-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.
Urganch shahridagi Shovot kanali bo‘yida zarur infratuzilmaga ega kemalar to‘xtashi uchun maxsus joylar barpo etildi, yangi kemalar sotib olinib ishga tushurildi. "Shovot” kanali bo‘yida dam olish maskanlari barpo qilindi.
Shu o‘tgan davrda madaniy meros ob’ektlarining yagona reestri yaratilib, ob’ektlarning joriy holati aks etgan pasportlari tuzildi. Har bir ob’ektning madaniy-tarixiy ahamiyati bo‘yicha axborot-ma’lumot bazasi Ma’mun akademiyasi bilan hamkorlikda shakllantirish ishlari yakunlandi.
Sayyohlar uchun qo‘shimcha ob’ektlar infratuzilmasini yaxshilash yo‘nalishi bo‘yicha viloyatda 17,25 km uzunlikdagi optik-tolali kabel o‘tkazilib, 2304 ta internet portlari o‘rnatildi.
"Xorazm Ma’mun” akademiyasi tomonidan "Wikipedia” elektron entsiklopediyasida hududning diqqatga sazovor joylari tarixi haqidagi 28 ta maqola joylashtirildi.
Sayyohlarni xordiq chiqarish industriyasini rivojlantirish borasida "Doston folklor”, "Xiva folklor” etnografik xalq ansambli va "Sayqal” oilaviy folklor ansambllaridan iborat badiiy jamoalar "Ollaqulixon” madrasasida mavsum davomida xorijiy sayyohlarga har kuni o‘z kontsert dasturlarini namoyish qilmoqdalar.
Shuningdek, har yili iyun oyida "Xorazm madaniyati” festivali, avgust oyida «Gurvak-Xorazm qovunchiligi ramzi” festivallarini o‘tkazish an’ana tusiga kirdi.
Xorazm viloyatining boy madaniy merosi va turizm salohiyatini ifodalovchi brend yaratildi. Hududning turistik imkoniyatlarini reklamasini tashkil etish borasida xorij ommaviy axborot vositalari xodimlari va xorijiy tur operatorlarga "Mego-info-turlar” tashkil etilib shu kungacha dunyoning 30 dan ortiq mamlakatdan 56 nafar ommaviy axborot va 423 nafar xorijiy turistik tashkilotlar vakillari qabul qilindi.
Viloyatning sayyohlik sohasiga doir rasmiy veb sayti (www.visitkhorezm.uz) yaratildi va viloyatning sayyohlik imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirildi.
Urganch shahrida 2014 yilda 360 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb hunar kolleji qurilib, ishga tushirildi. Ushbu kasb-hunar kollejida 3 ta yo‘nalishda yiliga 120 nafardan mutaxassis tayyorlanmoqda.
Evropa davlatining tajribalarini o‘rganish maqsadida Latviya, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Turkiya mamlakatlariga viloyat mutaxassislarining safarlari uyushtirildi.
Dastur ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.
Manba: Хоrаzm vilоyati hоkimligi