Sog‘lom farzand – sog‘lom oila mevasi

2016-03-26

Navoiyda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Sog‘lom oila” oilaviy sport musobaqalarining mintaqaviy final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz rahnamoligida sportning ommaviyligini ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarni sportga keng jalb etish, salomatligini muhofaza qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Mahallalarda va mehnat jamoalarida oilaviy sport musobaqalari tashkil etilayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Xorazm, Buxoro viloyatlaridan ikkitadan oilaviy jamoa ishtirok etdi.

Jamoalar sportning 8 turi bo‘yicha bellashdi. Musobaqada epchillik, chaqqonlik, g‘alabaga intilish, oiladagi jismoniy madaniyat darajasi sinovdan o‘tkazildi. Navoiy viloyatidan Otabek So‘piyev va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Mars Habibullayev oilalari musobaqa g‘oliblari, deb topildi.

– Oilamizda yoshu katta barcha sport bilan shug‘ullanadi, – deydi Otabek So‘piyev. – Farzandim darsdan bo‘sh vaqtida kurash va shaxmat to‘garagiga qatnaydi. Ayolim ham fitnes klubi mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Oiladagi sog‘lom muhit farzandlarimiz kamolotida muhim ahamiyatga ega.

Musobaqada bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.

Manba: O'zA