Tahlil va tanqid ruhida

2015-07-24

Buxoroda 2015-yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi M.Esonov boshqargan yig‘ilishda 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Hisobot davrida viloyatda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlariga hamda aholi turmush darajasining izchil yuksalishiga erishildi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 foiz oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,5, chakana savdo aylanmasi 4,2, xizmatlar ko‘rsatish 5,6, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,6 foiz o‘sdi.

Yig‘ilishda mahalliylashtirish dasturi ijrosi, hududiy eksport hajmi belgilangan prognoz ko‘rsatkichidan pastligi qayd etilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Galdagi vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Belgilangan dasturlarga asosan joriy yilning ikkinchi yarmida jami qiymati 427,4 milliard so‘m bo‘lgan 844, jumladan, sanoat yo‘nalishida 249, xizmat ko‘rsatish sohasida 305 va qishloq xo‘jaligida 290 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu aholini ish bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Dasturlar ijrosi ta’minlanishi 9 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Yuqorida qayd etilgan loyihalarga ko‘ra, 25 turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Polimer va plastik buyumlar, trikotaj, charm-poyabzal, qog‘oz mahsulotlari, qurilish materiallari, oziq-ovqat tovarlari shular jumlasidandir.

Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha beshta korxonada 12 loyiha asosida 89,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Eksport salmog‘ini oshirish maqsadida sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 2 ming 177 korxonani qayta inventarizatsiya qilish va yangi subyektlarni eksport faoliyatiga jalb etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish choralari ko‘riladi.

Prezidentimizning 2015-yil 7-iyuldagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy muassasalarni kuz-qish davrida barqaror ishlashga hozirlash, aholiga energiya resurslari uzluksiz yetkazib berilishi bo‘yicha puxta tizim yaratish masalalari atroflicha muhokama etildi. Qish uchun meva-sabzavot mahsulotlari g‘amlash, bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyati xususida so‘z bordi.

Kommunal va yo‘l tarmoqlari hamda infratuzilma obyektlari qurilishi, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlaridan qarzdorlikni keskin kamaytirish, tadbirkorlar faoliyatiga nisbatan uchrayotgan to‘siqlarni va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.