Bolalar Samarqandga jo‘nab ketdi

2016-03-26

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik va milliy iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratilgan tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan bolalarning mamlakatimiz tarixiy shaharlariga sayohatlari tashkil etilmoqda, tarixiy obidalar, zamonaviy inshootlar bilan tanishtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan navbatdagi sayohatda Toshkent shahridagi 21-, 22- va 23-Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari Samarqand shahriga yuborildi. Ushbu xayrli tadbir o‘quvchi-yoshlarning bahorgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazishga, navqiron avlod qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘ularini tarbiyalashga xizmat qiladi. Buyuk ajdodlarimiz merosini yaqindan o‘rganib, ularga munosib bo‘lishga undaydi.

– Samarqandni har gal televizorda ko‘rganimizda u yerga borishni orzu qilardik, – deydi 21-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Dilfuza Hidoyatova. – Bu orzuimiz ushalganidan xursandmiz. Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni kabi tarixiy obidalarni ko‘rishdan baxtiyormiz.

Manba: O'zA