Issiqlik ta’minotida zamonaviy texnologiyalar
2016-03-25
Poytaxtimizda Prezidentimizning 2014-yil 15-maydagi “Qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida zamonaviy energiya va resurs tejaydigan uskunalar bilan jihozlangan mahalliy kichik qozonxonalar qurish ishlari olib borilmoqda.
«Toshissiqquvvati» unitar korxonasi ishlab chiqarish birlashmasi boshlig‘i Baxtiyor Muhrimovning ta’kidlashicha, poytaxtimizda barcha tumanlarni qamrab oladigan yagona markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimi yaratilgan. Issiqlik energiyasi to‘qqizta yirik issiqlik markazi va 167 mahalliy qozonxonada ishlab chiqariladi.
Yaqingacha issiqlik manbaidan uzoq bo‘lgan iste’molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berishda kamchiliklar mavjud edi. Ayni paytda ushbu muammoni hal qilish masalasida Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Olmazor va Yunusobod tumanlarida energiya tejaydigan uskunalar bilan jihozlangan 53 mahalliy kichik qozonxona barpo etildi. Ushbu qozonxonalar isitiladigan obyektlar yaqinida joylashgan. Bu issiqlik energiyasini yetkazishdagi yo‘qotishlar xavfi va issiqlik yetkazish manbalaridagi buzilish holatlari kamayishiga xizmat qilmoqda.
Ushbu kichik qozonxonalarda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan energiya va resurs tejaydigan qozonlar o‘rnatilgani e’tiborga loyiq. Ular ob-havodan kelib chiqqan holda, suv haroratini nazorat qilish va belgilash imkonini beradigan zamonaviy o‘lchov asboblari bilan jihozlangan. Bu foydalaniladigan gaz, elektr energiyasi va suvni tejash imkonini beradi. Joriy yil oxiriga qadar poytaxtimizda shunday 53 mahalliy kichik qozonxona quriladi.
Kommunal xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshilanishi aholi farovonligini oshirishning muhim omilidir. Poytaxtimiz issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilish, zamonaviy energiya va resurs tejaydigan asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi mahalliy qozonxonalar qurish ushbu maqsadga xizmat qiladi.
Manba: O'zA