Dolzarb vazifalar muhokamasi

2016-03-25

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi P.Parmonova, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi rahbari, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori B.Daminov va boshqalar bugun jamiyat hayotining barcha sohalaridagi demokratik islohotlar natijasida mamlakatimiz yuksak marralarni qo‘lga kiritayotgani, iqtisodiyotimiz barqaror sur’atlarda rivojlanib, ijtimoiy infratuzilma mustahkamlanayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda partiya Toshkent shahar kengashining hisobot davridagi faoliyati, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonida partiya kengashi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Kengash tashabbusi bilan mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini fuqarolarga yetkazish, aholining salomatligini mustahkamlash, tibbiy hamda huquqiy madaniyati va ongini oshirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 437 dan ortiq tadbir o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, tibbiy yordam sifatini oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini mustahkamlash, uy-joy kommunal xo‘jaligi faoliyatini yanada yaxshilash, sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larning samarali va oqilona sarflanishi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Manba: O'zA