Ijtimoiy sheriklik asosida
2016-03-25
O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Jamiyat raisi H.Karimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda aholining barcha qatlamini kuchli ijtimoiy himoyalash borasida keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
Mamlakatimizdagi yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati insonparvarlik, beg‘arazlik, mustaqillik kabi tamoyillar asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygani bilan ahamiyatlidir. Aholi, ayniqsa, yosh avlodning tibbiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini keng targ‘ib etish, turli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, murakkab vaziyatlarda tez va to‘g‘ri harakat qilishga oid ko‘nikmalarni yuksaltirish mazkur jamoat tashkiloti faoliyatida alohida o‘rin egallaydi.
Tashkilot yurtimizda har yili qabul qilinayotgan ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Keksalar, alohida ehtiyojli fuqarolar, serfarzand oilalarga manzilli moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish, aholiga turli favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish, tabarruk yoshdagi otaxon va onaxonlar holidan xabar olish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga oid savobli yumushlar shular jumlasidandir.
«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Reproduktiv salomatlikni muhofazalash, sog‘lom oilani shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik, bolalarda kasalliklar profilaktikasi, maishiy jarohatlanish profilaktikasi bo‘yicha aholi uchun 150 mingta axborot-ta’lim materiali tayyorlanmoqda. Shuningdek, dasturning 40-bandiga ko‘ra, hamkor tashkilotlar bilan birga kam ta’minlangan, serfarzand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, esdalik sovg‘alari topshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy sheriklik asosidagi bunday ezgu ishlarda Qizil yarim oy jamiyatining barcha mintaqaviy tashkilotlari faol ishtirok etmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Manba: O'zA