O‘zbekiston — ShHT: Tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lidagi hamkorlik

2016-03-24

O’zining 15 yilligini nishonlash ostonasida turgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti nufuzli davlatlararo tizim sifatida xalqaro maydonda o’zining mustahkam o’rnini egalladi. Xalqaro va mintaqaviy vaziyatda jiddiy o’zgarishlar ro’y berayotgan bir sharoitda ShHT o’zini ko’p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida namoyon etdi. O’tgan yillar davomida tashkilotning salmoqli shartnoma-huquqiy zamini yaratildi, institutsional asos yo’lga qo’yildi, tizimli organlar barqaror faoliyat ko’rsatmoqda, turli yo’nalishlardagi hamkorlikning izchil kengayishi va chuqurlashishi ta'minlanmoqda.

O’zbekiston o’zining tashqi siyosiy strategiyasida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining asoschi davlatlaridan biri sifatida ochiq va konstruktiv muloqot minbari bo’lgan mazkur tashkilotga alohida ahmiyat beradi, uning faoliyatida faol qatnashadi. O’zbekiston ShHTga terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar va qurol-yarog’larning noqonuniy aylanishi, uyushgan jinoyatchilik va ommaviy qirg’in qurollarining tarqatilishiga qarshi kurash, o’zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni rag’batlantirish, madaniy-gumanitar sheriklik sohalaridagi hamkorlikning muhim vositasi sifatiga qaraydi.

ShHT doirasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning samaradorligini alohida qayd etish joizdir. Buning uchun tashkilotga a'zo davlatlarning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash bo’yicha hamkorligini, turli darajalardagi muntazam yig’ilishlar o’tkazilishini tartibga soladigan mexanizmlar yaratilgani barobarida salmoqli huquqiy zamin ishlab chiqilgan. O’zbekiston tashabbusi bilan 2004-yili mamlakatlar xavfsizlik kengashi kotiblari uchrashuvining mexanizmi yo’lga qo’yildi.

Tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash masalalarining hal etilishida Ijroiya qo’mitasi Toshkentda joylashgan ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi alohida o’rin tutadi. Uning asosiy maqsadi terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashda tashkilotga a'zo davlatlarning hamkorligini muvofiqlashtirishga ko’maklashish bilan izohlanadi.

O’zbekiston 2004 va 2010-yillari o’zining ShHTga raisligi doirasida zamonamizning an'anaviy va yangi xavf-xatarlariga nisbatan tashkilotga a'zo davlatlar siyosatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishga doir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, mamlakatimiz tashabbusi bilan 2004-yili Narkotik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to’g’risidagi bitim, 2010-yili - Jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik to’g’risidagi bitim imzolandi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti unga a'zo davlatlar o’rtasida o’zaro manfaatli iqtisodiy almashuvlarni ilgari surishning muhim omili bo’lib xizmat qilmoqda. Bu yo’nalishda uzoq muddatli dasturlar qabul qilingan va muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etilmoqda, davlatlararo bitim hamda kelishuvlar imzolangan.

ShHT Hukumat rahbarlari (Bosh vazirlar) kengashi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga mas'ul bo’lgan asosiy organ hisoblanadi, tashkilotga a'zo davlatlar vazirlar yig’ilishi esa tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas'uldir. O’zbekiston ushbu tizimlarga 2007 va 2013-yillarda raislik qilgan. 2007-yili Toshkentda bo’lib o’tgan hukumat rahbarlari uchrashuvi chog’ida sarmoyalar, axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo’jaligi, atrof muhiti muhofazasi sohalaridagi aloqalarni faollashtirish to’g’risida qaror qabul qilindi. Muzokaralar yakunlari bo’yicha ShHTga a'zo davlatlar hukumatlari o’rtasida Bojxona ishlarida hamkorlik va o’zaro yordam haqidagi bitim ham imzolandi.

Shu bilan birga, biznesmenlarning to’g’ridan-to’g’ri aloqalarini har tomonlama qo’llab-quvvatlashga, transport, infratuzilma, bank-moliya sohasi singari jabhalardagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. ShHTning Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi faoliyati bu sohalardagi aloqalarni kengaytirishga ko’maklashmoqda.

Savdo va sarmoyaviy aloqalarni rag’batlantirish maqsadida ShHT Taraqqiyot banki va Taraqqiyot jamg’armasini (Maxsus hisob) ochish bo’yicha ishlar olib borilmoqda. 2015-yili mazkur tizimlarni tuzishga doir maslahatlashuvlarni davom ettirish to’g’risida qaror qabul qilindi.

Madaniy-gumanitar aloqalarda ijobiy o’suvchanlik kuzatilmoqda. Ilm-fan, texnologiyalar, sayyohlik, sog’liqni saqlash, favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish va ularni bartaraf etish sohalarida o’zaro almashuvlar hayotga tadbiq etilmoqda.

2013-yil 29-noyabrda Toshkentda ShHTga a'zo davlatlar hududida yuqumli kasalliklar natijasida vujudga keladigan epidemiologik vaziyatdan xabardor qilish to’g’risidagi Dastur qabul qilindi. Joriy yili Sayyohlik sohasida hamkorlik to’g’risidagi Dasturning qabul qilinishi kutilmoqda. Hozir bu dastur ustida ekspertlar darajasidagi ishlar olib borilmoqda.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining me'yor va qoidalariga binoan, 2015-yil 11-iyuldan buyon tashkilotga O’zbekiston Respublikasi raislik qilib kelmoqda. Mamlakatimiz raislik qilayotgan davlat sifatida ko’p qirrali hamkorlikni o’zaro aloqadorlik va izchillik bilan mustahkamlash tamoyillariga sodiq ekanligini bayon qilgan holda, ShHT faoliyatining ustuvorliklari yuzasidan o’z qarashlarini aniq-ravshan belgilab olgan.

Tamoyillardan kelib chiqqan holda, O’zbekiston o’tgan davr mobaynida ShHT a'zosi bo’lgan mamlakatlar bilan birgalikda jahon va mintaqa ahamiyatiga molik bo’lgan muammolarning hal etilishida tashkilot salohiyatini yanada mustahkamlash, o’zaro hamkorlik muvofiqlashuvini kuchaytirish, tashkilotning xalqaro maydondagi rolini oshirish yuzasidan qamrovi jihatidan salmoqli ishlarni amalga oshirdi.

Mamlakatimizning ana shunday sa'y-harakatlari tufayli borgan sari ko’p davlatlar ShHTga qiziqish va u bilan sheriklik aloqalarini o’rnatish yuzasidan hoxish bildirishmoqda. Masalan, 2015-yilning sentyabrida Kambodja Qirolligiga ShHTning muloqot bo’yicha sherigi maqomini berish to’g’risidagi Memorandum imzolandi. Joriy yil 14-mart kuni ana shunday maqom Ozarbayjonga berildi.

Armaniston va Nepal bilan ham ana shunday hujjatning imzolanishi rejalashtirilmoqda. Janubiy Osiyodagi ikki yirik davlat - Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasini ShHTga qabul qilish bo’yicha muzokaralar jarayoni davom etmoqda.

2016-yili O’zbekiston raisligi doirasida Toshkentda ShHT Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlislari, xavfsizlik kengashi kotiblarining uchrashuvi, madaniyat vazirlari yig’ilishi hamda Banklararo birlashma kengashi va Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvining majlislarini o’tkazish rejalashtirilmoqda.

Hozirgi paytda respublikada mazkur tadbirlar o’tkazilishiga yuqori darajadagi tayyorgarlik ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Bunda Toshkent sammitining mazmundorligini oshirishga, jumladan, uning yakunlari bo’yicha qabul qilinadigan hujjatlar to’plamini ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratilmoqda. ShHT o’n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi, ShHTga a'zo davlatlarning 2017-2022-yillardagi giyohvandlikka qarshi strategiyasi va uni bajarish bo’yicha Harakat dasturlari imzolanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik to’g’risidagi Bitimni amalga oshirish bo’yicha Tadbirlar rejasi hamda ShHTning 2025-yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish Rejasining tasdiqlanishi mo’ljallanmoqda.

Shu tariqa O’zbekiston Respublikasi ShHTga raislik qilayotgan davlat sifatida tashkilotning rivojlanishiga, uning me'yoriy-huquqiy zamini mustahkamlanishiga hamda ushbu tizimning dunyodagi nufuzi yuksalishiga katta hissa qo’shmoqda. ShHT tashkil topgan kunning o’n besh yilligida o’tkaziladigan Toshkent sammiti yilning markaziy siyosiy voqeasi bo’libgina qolmay, tashkilot tarixida yangi sahifani ochishiga ham shubha yo’q.

Manba: “Jahon” axborot agentligi