Bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2016-03-23
Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida “Sog‘lomlashtirish dasturi – amalda” shiori ostida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan kam ta’minlangan oilalarning yuqori lab va qattiq tanglay, tug‘ma oyoq nuqsoni (maymoqlik), bo‘yin qiyshayishi bilan bog‘liq ortopedik kasalliklarga chalingan hamda kuyish asoratlari mavjud 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
2002-yildan boshlab amalga oshirilayotgan mazkur ijtimoiy hamkorlik natijasida tug‘ma nuqsonlar va kuyish asoratlaridan aziyat chekayotgan ko‘plab bolalar sog‘lomlashtirildi. 2015-yilda o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar davomida 35 nafar bemor bola sog‘lomlashtirish uchun Germaniya klinikalariga jo‘natilgan edi. Joriy yilda ularning 13 nafari tegishli muolajalarni muvaffaqiyatli olib, yurtimizga qaytdi.
– Qizim E’zozaxon tug‘ma oyoq nuqsoni tufayli yurolmas edi, – deydi kattaqo‘rg‘onlik Hasan Doniyorov. – Mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng Germaniyada tegishli muolajalar olib qaytgach, o‘zi yura boshladi. Bugun tengqurlari bilan maktabga qatnamoqda.
Tibbiy ko‘rik davomida 150 ga yaqin bola mutaxassislar qabulida bo‘ldi. Ularning aksariyatiga mamlakatimizdagi ixtisoslashgan tibbiy muassasalarda davolanish uchun yo‘llanma berildi. Tug‘ma nuqsonli va kuyish asoratlari bor ayrim bolalar Germaniya klinikalariga jo‘natiladigan bo‘ldi.
–O‘zbekistonda tibbiyot yildan-yilga rivojlanmoqda, – deydi “Friedensdorf International” xalqaro tashkilotining ijtimoiy loyihalar bo‘yicha koordinatori Mariya Tinnefeld. – Bugungi ko‘rikda dastlabki muolajalarni yurtingiz tibbiy muassasalarida olgan bemorlarni ko‘rdik. Natijalar juda yaxshi. Shu bois, ko‘plab bemorlarga mahalliy klinikalarda davolanish uchun yo‘llanma berildi. Bu O‘zbekistonda ona va bola salomatligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar samarasidir.
Manba: O'zA