“Salomatlik poyezdi” Navoiy viloyatiga jo‘nab ketdi

2016-03-23

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik poyezdi” Navoiy viloyatiga jo‘nab ketdi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaralari haqida so‘z yuritildi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilayotgan “Salomatlik poyezdi” xayriya tadbirlari davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning chekka, ekologik noqulay hududlari aholisi, jumladan, ayollar va bolalar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

2015-yilda tashkil etilgan shunday tadbirlarda olti mingga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Joylardagi yuzdan ortiq tibbiy va ijtimoiy muassasalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, vitaminlar, tibbiyot jihozlari, sanitariya va gigiyena vositalari topshirilgan.

Navoiy viloyatiga yo‘l olgan navbatdagi “Salomatlik poyezdi”ning yuqori malakali shifokorlari hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

– Xayriya tadbirlarimiz davomida ayollar va bolalarni keng qamrab olishga alohida e’tibor qaratamiz, – deydi “Salomatlik poyezdi” terapevti Xosiyat Hamdamova. – Ularni zamonaviy uskunalar yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, tashxis qo‘yamiz, tavsiyalar beramiz. Zarur dori va vositalar taqdim etamiz.

Tibbiy-ijtimoiy tadbirni tashkil etishga “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “Reka med Farm” qo‘shma korxonasi, “Navro'z PTK” mas’uliyati cheklangan jamiyati va xalqaro tashkilotlar yaqindan ko‘maklashdi. Tadbir davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi va nogironlarga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga 650 million so‘mlikdan ziyod dori-darmon, gigiyena vositalari yetkazib beriladi.

Manba: O'zA