Istiqboldagi rejalar belgilandi
2015-07-24
Qashqadaryoda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2015-yilning birinchi yarmida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shu va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Viloyat hokimi T.Mamaraimov boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. Yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va ularning ahamiyati, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida yalpi hududiy mahsulot hajmi 2 trillion 687 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari 10,3, qurilish-pudrat ishlari 11,2, qishloq xo‘jaligida 20,5, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 12,3 foizga oshishiga erishildi. 102 sanoat korxonasi ishga tushirilib, 37 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 746 kichik biznes subyekti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda ularning soni 10 ming 757 taga yetdi. Natijada xususiy sektor tomonidan 766,3 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 671,6 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 506,4 milliard so‘mlik pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 300 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 62,5, xizmatlardagi ulushi 53,6 foizni tashkil etdi. Bandlik dasturi doirasida yaratilgan 28 ming 145 yangi ish o‘rnining 22 mingdan ziyodi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Yig‘ilishda Boysun, Qumqo‘rg‘on, Qiziriq, Muzrabot, Denov tumanlarida belgilangan eksport hajmi bajarilmagani, Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalarda tayyor mahsulot, butlovchi buyum va materiallar ishlab chiqarish talabga javob bermayotgani ta’kidlandi. “SAVB” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Jarqo‘rg‘onneft” aksiyadorlik jamiyati va boshqa qator korxonalarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi kamaygani, namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar qurilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.
Viloyatning sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga to‘liq barham berish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.