Sog‘lom ona va bola – jamiyat kelajagi

2016-03-23

Jizzaxda o‘tkazilgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashining navbatdagi yig‘ilishi “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda partiya tashkilotlari oldida turgan vazifalarga bag‘ishlandi.

Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi partiyaning saylovoldi platformasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida chekka tumanlarda yashovchi aholi, ayniqsa, xotin-qizlar uchun zarur ijtimoiy, madaniy-maishiy sharoitlar yaratish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishni izchil davom ettirish belgilangani partiyamizning saylovoldi platformasiga mosdir, – deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi G‘.Qodirov. – Davlat dasturi va partiya platformasidagi bu mushtaraklik faollarimiz, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari oldida turgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Yig‘ilishda partiya tashkilotlari tomonidan o‘tkazilayotgan siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, ta’sirchanligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. O‘tgan yili partiyaning viloyat kengashi va quyi tashkilotlar tomonidan 670 ga yaqin turli tadbir tashkil etilib, ularga 48 mingdan ziyod aholi qamrab olindi.

Partiya viloyat kengashining “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashga oid ish rejasi tasdiqlandi.

Tadbir yakunida “Qiyomatga qolgan qarz” nomli hujjatli film namoyish etildi.

Manba: O'zA