Deputatlar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar

2016-03-22

18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Parlament quyi palatasi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar oldindan siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Parlament quyi palatasi a’zolari iste’molchilar va davlatning mahsulotlar, jarayonlar va xizmatlar xavfsizligi sohasidagi manfaatlari mustahkam himoya qilinishini ta’minlash, mahsulotning sinovlari va o‘lchovlari bo‘yicha xalqaro uslublarning qo‘llanilishi borasidagi yangi qoidalar nazarda tutilgan «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Shu bilan birga, «Er osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ta’kidlandiki, qonunning qabul qilinishi geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini yanada oshirishga va yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida raqobatli muhitni yaratishga, shuningdek, respublikamizning mineral-xomashyo bazasidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini kuchaytirishga yordam beradi.

Majlisda parlament a’zolari Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.

Xususan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq deputatlarning saylovchilar bilan o‘z saylov okruglaridagi navbatdagi uchrashuvini tashkil etish va o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Xalq noiblarining navbatdagi uchrashuvi mart oyining oxiriga rejalashtirilgan.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish chog‘ida deputatlar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatining, fraksiyalar faoliyatining borishi, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish borasidagi eng muhim masalalarga doir nuqtai nazari to‘g‘risida aholini xabardor etishga e’tibor qaratishlari lozimligi majlisda alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ularning ijro etilishi holatida huquqni qo‘llash samaradorligini yanada oshirish va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish maqsadida o‘rganish deputatlarning diqqat markazida bo‘lishi kerakligi qayd etib o‘tildi.

Yig‘ilishda saylovchilar bilan uchrashuvlarni samarali tashkil etish uchun deputatlarni zarur axborot va ma’lumotlar bilan ta’minlash borasida ularga amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Manba: O'zA