Yangi binolar, zamonaviy jihoz va tibbiy xizmatlar
2016-03-18
Samarqandda sog‘liqni saqlash tizimida investitsiya davlat dasturi asosida qurilayotgan obyektlarda rejalashtirish, loyihalashtirish va qurilish ishlari olib borilishiga bag‘ishlangan respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda sog‘liqni saqlash boshqarmalari, yetakchi tibbiy markazlar rahbar va mas’ul xodimlari, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari mutaxassislari, Samarqand viloyatidagi yirik qurilish tashkilotlari, loyiha institutlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Sh.Tillayev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tibbiy xizmat sifati va samaradorligini ko‘tarish, aholi salomatligini mustahkamlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash sohasida ilg‘or shakl va usullar amaliyotga joriy etilmoqda. Zamonaviy tibbiy muassasalar barpo etish va jihozlash, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘ miqdori yildan-yilga oshib bormoqda.
Ushbu maqsadlar uchun 2011-yilda investitsiya dasturi asosida 136 milliard so‘mlik rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 500 milliard so‘mni tashkil etdi. Buning hisobidan 141 tibbiy muassasada zamon talablariga javob beradigan sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Respublika bolalar suyak-sil kasalliklari sanatoriysi, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Andijon va Buxoro shaharlaridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Qarshi va Samarqand shaharlarida viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari, shuningdek, tuman tibbiyot birlashmalari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirish, zamonaviy diagnoz va davolash uskunalari bilan jihozlash ishlari yakuniga yetkazildi.
Joriy yilda investitsiya davlat dasturiga ko‘ra 168 davolash muassasasini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 554 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Seminar ishtirokchilariga investitsiya dasturi asosida Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasalarida olib borilayotgan ishlar va uning natijalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Loyiha institutlari va qurilish tashkilotlari mas’ul xodimlari, arxitektorlar, tibbiyot muassasalari rahbarlari qurilish jarayonlari va bunda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar haqida o‘zaro tajriba almashdi.
– 2015-yilda viloyatdagi 9 davolash profilaktika muassasasida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari bajarilib, 980 statsionar o‘rin va 1010 ambulator qatnov foydalanishga topshirildi, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Egamberdiyev. – Buning uchun 29,1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 2014-yilda boshlangan rekonstruksiya ishlari davom ettirilib, markazning barcha bo‘lim va poliklinikalarida rekonstruksiya va jihozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Joriy yilda investitsiya dasturi asosida markaz hududini obodonlashtirish va yordamchi binolar qurish uchun 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. 390 o‘rinli markazda bolalarda uchraydigan kasalliklarni aniqlash va davolash uchun zamon talablariga to‘la javob beradigan sharoit yaratildi.
Joriy yilga mo‘ljallangan respublika investitsiya dasturiga viloyatdagi 11 tibbiyot muassasasi, xususan, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, oilaviy poliklinikalar, viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi kiritilib, ularda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini olib borish uchun davlat byudjetidan qariyb 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Tadbir ishtirokchilari 2015-yilda rekonstruksiya qilingan Samarqand shahridagi 12-oilaviy poliklinika va viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi, tuman tibbiyot birlashmalarida bo‘lib, ularda amalga oshirilgan bunyodkorlik va jihozlash ishlari bilan tanishdi.
Manba: O'zA