Qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda
2016-03-15
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida oila, onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha shakllangan huquqiy-me’yoriy bazani takomillashtirish vazifasi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida shu maqsadda tayyorlanayotgan huquqiy hujjatlar loyihalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani ta’kidlandi. Mustaqillikning ilk yillaridan bu borada amalga oshirilayotgan ulkan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi tayyorlandi. Unda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning vakolatlarini tartibga solishga qaratilgan normalar belgilangan.
“Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tarkibida genetik modifikatsiya qilingan organizmlar bo‘lgan iste’mol tovarlarini olib kirish va iste’mol qilishni cheklashni nazarda tutadi. Shuningdek, bolalar oziq-ovqatlariga ularni qo‘llashga taqiqni kiritishga qaratilgan normalarni o‘z ichiga oladi.
Davlat dasturiga muvofiq bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom oilada yashash va tarbiya olish huquqlarini ta’minlashga qaratilgan, yetim bolalar hamda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga vasiylik (homiylik) belgilanishini rad qiluvchi kasalliklar tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Matbuot anjumanida Davlat dasturi asosida amalga oshirilayotgan qonun ijodkorligi jarayoni yuzasidan ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Manba: O'zA