Har bir tekshirish nazoratda
2016-03-11
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etish natijasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlar keskin kamaydi.
Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati faqat davlat soliq xizmati organlari tomonidan tekshiriladi va taftish qilinadi. Ularga nisbatan huquqiy ta’sir choralari faqat sud tartibida qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron shakli yaratilgani unga kiritilayotgan qaydlarni onlayn tarzda kuzatish imkonini bermoqda.
...Surxondaryo viloyati Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkor A.Soatov kutilmaganda kelgan tekshiruvchini ko‘rib taajjublandi. Chunki navbatdagi tekshirishga hali ancha bor edi. Shu sabab u tekshiruvchidan “Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni to‘ldirishni so‘radi. Tekshiruvchi – tuman veterinariya bo‘limi xodimiga bu holat yoqmagan bo‘lsa-da, kitobni to‘ldirdi. U ishga kirishgan ham ediki, tekshirishning noqonuniyligi yuzasidan tadbirkorga xabar keldi. Ushbu holat yuzasidan adliya idorasi xodimi tomonidan noxolis tekshiruvchiga nisbatan hujjat rasmiylashtirildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudining qaroriga asosan veterinariya bo‘limi xodimi M.Hasanovga nisbatan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi.
– “Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning onlayn tizimiga kirish elektron raqamli imzo bilan etk.minjust.uz orqali amalga oshiriladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Aktam Muhammadiyev. – Kitobni to‘ldirmaslik yoki uni to‘ldirishdan bosh tortish tekshirishlar tartibini buzish hisoblanib, aybdor shaxslarning javobgarligiga sabab bo‘ladi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining aksariyati kitob bilan ta’minlangan. Tadbirkorlar kitobning elektron shaklidan ham faol foydalanmoqda.
“Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni to‘ldirish tartibiga rioya qilinishi bo‘yicha doimiy monitoring yuritilmoqda.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Ideal savdo” va “Ibrohimbek” xususiy korxonalarida davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tekshirish o‘tkazilganda, kitobni to‘ldirish tartibiga rioya etilmagan. Ushbu holatlar yuzasidan kiritilgan taqdimnomaga asosan inspeksiya xodimlari R.Normurodov va M.Sayfiddinovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Toshkent shahar Bektemir tumani bandlikka ko‘maklashish markazi xodimi Sh.To‘rayev “Sam yang viktoria” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ruxsatsiz tekshirish o‘tkazgan. Ushbu holat yuzasidan adliya organi xodimi rasmiylashtirgan ma’muriy bayonnomaga muvofiq Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining qaroriga asosan aybdorga eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.
Tahlillarga qaraganda, 2015-yilda va joriy yilning o‘tgan oylarida ikki yuzdan ziyod tadbirkor faoliyatida noqonuniy tekshirishlar o‘tkazilgan. Ikki mingga yaqin holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilgan. Ushbu holatlar yuzasidan 92 shaxs intizomiy, 21 shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda 66 noqonuniy qaror bekor qilingan. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki noqonuniy aralashish holatlari yuzasidan ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha sudlarga kiritilgan taklif asosida uch yuzdan ziyod huquqbuzarga tegishli choralar qo‘llanilgan.
Tadbirkor faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olishda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kengash qarori bilan yangi tartib o‘rnatildi. Unga ko‘ra, noqonuniy aralashuvlarga yo‘l qo‘ygan xodim bilan bir qatorda ushbu organ rahbarining ham javobgarligi ta’minlanmoqda. O‘tgan yilda kengash taklifi asosida nazorat organlarining 26 rahbari javobgarlikka tortilgan.
Adliya idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida 2015-yilda tegishli idoralarga ko‘plab taqdimnoma, ogohnoma kiritilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlangan. Bunday choralar natijasida ikki mingga yaqin mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shu jumladan, yuz nafardan ziyodi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Bu misollar mamlakatimizda tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasidagi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy natijasidir.
Manba: O'zA