Navoiyda ishlab chiqarilmoqda
2016-03-11
O‘tgan yili Navoiy viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida 4 korxonada 50 istiqbolli loyiha asosida tayyor mahsulot, materiallar, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarildi.
“Navoiy Grand Bitum”, “Zarafshon izvest”, “Karmana Iskamir”, “Navoiy Keramzit Qurilish”, “Perfekt Proof”, “Omad biznes Zarafshon” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida kreginli bitum, kalsiy karbid, texnik kigiz, vermikulit, emkar vaksinasi va olovga chidamli g‘isht ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. “Kimyogar STM”, “Gidro-Stanko-Servis” korxonalarida natriy sulfit hamda kimyo va kon sanoati korxonalari uchun ehtiyot qismlar, uskuna va dastgohlar tayyorlash o‘zlashtirildi.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida tayyorlanayotgan mahsulotlar import sarfini qisqartirib, ichki va tashqi bozorda tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.
Prezidentimizning 2014-yil 4-fevraldagi 2014-2016-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Viloyatda mahalliylashtirish dasturi asosida import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Kichik va yirik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Heating radiators” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mahalliylashtirish dasturi asosida isitish tizimlari uchun yiliga 540 ming alyuminli radiator ishlab chiqarilmoqda.
– Bozordagi talabdan kelib chiqib, nisbatan arzon narxlarda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar xaridorlarga manzur bo‘lmoqda, – deydi ushbu jamiyat rahbari Vohid Fayziyev. – Dastlab profillarni yig‘ish bilan ish boshlagan korxonamizga o‘tgan yili lizing asosida 236 ming dollarlik zamonaviy alyumin seksiyalar quyish liniyasi keltirildi. Ayni paytda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va eksportni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Qiziltepa tumanidagi “Bo‘ston chinnisi” xususiy korxonasi uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qariyb 20 turdagi chinni buyumlar tayyorlanayotgan korxonada o‘tgan yili energetika tizimi uchun simyog‘och va boshqa uskunalarga mo‘ljallangan elektroizolyatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasida qo‘shimcha 5 yangi ish o‘rni yaratilib, ularning umumiy soni 35 nafarga yetdi.
Manba: O'zA