Hisobot – mas’uliyat demak
2016-03-11
Prezidentimiz rahnamoligida demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti bo‘lmish mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Buxoroda o‘tkazilgan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tuman (shahar) ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarining choraklik hisobotlarini eshitishni tashkil etish va o‘tkazishning tartib-tamoyillari” mavzusidagi seminarda bu alohida ta’kidlandi.
Viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limi mas’ul xodimlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat, tuman va shahar bo‘limlari rahbarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari ishtirok etgan seminarda mavzuga doir ma’ruzalar tinglandi.
– Hisobot yig‘ilishlari mahalla institutining jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlashda muhim vositadir, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Buxoro viloyati hududiy bo‘limi rahbari J.Boltayev. – Ular, birinchi navbatda, aholi turmush farovonligini yuksaltirish bo‘yicha mamlakat, viloyat, tuman yoki shahar darajasida qabul qilinayotgan dastur va amaliy tadbirlar hamda keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, mahalliy ahamiyatga ega masalalarni o‘z vaqtida samarali hal etish imkoniyatini yaratadi.
Tadbirda fuqarolar yig‘inlari xodimlarining hisobot berishini tashkil etish va eshitish hamda hisobotlarni rasmiylashtirish, ilgari surilgan taklif va mulohazalar ijrosini o‘rganib borish tartib-qoidalari yuzasidan tavsiyalar berildi.
Bunday seminarlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham o‘tkazilmoqda.
Manba: O'zA