Murojaatlarning 92 foizi iste’molchilar foydasiga hal qilingan

2016-03-11

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda aholining huquqiy madaniyati yuksalib borayotgani, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni aholi manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Sohada qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish, iste’mol tovarlari narxlari va xizmatlar tariflari ustidan monitoring o‘tkazish, bozorda sifatsiz iste’mol tovarlari va xizmatlari paydo bo‘lishining oldini olish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning hududiy organlariga iste’molchilardan 5 mingdan ziyod shikoyat va ariza kelib tushgan. Murojaatlar yozma shaklda, “ishonch telefoni”, www.istemolchi.uz, potrebitel.uz veb-portallari orqali qabul qilingan. Yozma arizalarning 92 foizi iste’molchilar foydasiga hal qilinib, 1 milliard 325 million 500 ming so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan. Shuningdek, fuqarolarning kommunal sohalardagi, xususan, tabiiy gaz va elektr ta’minotidagi murojaatlari joyida o‘rganilib, hal qilingan.

– Mamlakatimizda iste’molchilar o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniga ega, – deydi qo‘mita boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov. – Bu borada ularga iste’molchilar huquqlari muhofazasi yo‘lida ko‘maklashuvchi vakolatli davlat tuzilmalari hamda jamoat tashkilotlari yordam bermoqda. Iste’molchilarning huquqi muhofaza qilinayotgani fuqarolik jamiyatining muhim tarmog‘i sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Tadbirda xo‘jalik subyektlari, savdo tashkilotlari, tibbiyot muassasalari, maishiy xizmat ko‘rsatish, kommunal xo‘jalik sohalari faoliyatini o‘rganish va tahlil qilish, iste’mol bozorida qonunchilikka rioya etilishi bo‘yicha olib borilgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Manba: O'zA