Mas’uliyatli jarayonga tayyorgarlik

2016-03-10

2016-yil 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu jarayonni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan jurnalistlar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari T.Madumarov, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullayev va boshqalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy asoslarini yanada kuchaytirishda muhim bosqichni boshlab berdi. 2013-yili O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

2016-yilning may-iyun oylarida bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida sifat jihatdan yangi, kuchli fuqarolik jamiyati qaror topayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy sharoitda o‘tadi. Unda 9764 fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va ularning 99 mingdan ortiq maslahatchisi saylanadi.

Saylovga oid qonunchilikni, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari yuksak ishchanlik va axloqiy fazilatlarga ega, aholi ishonchini qozongan, obro‘li insonlar orasidan saylanishi muhimligini, buning uchun saylov jarayoniga oid oshkoralik, ochiqlik tamoyillari, sohaga daxldor qonunchilik hujjatlarining mohiyatini kengroq tushuntirish dolzarb ahamiyatga ega. Bu ommaviy axborot vositalari xodimlaridan chuqur bilim va puxta tayyorgarlikni talab etadi.

Seminarda senatorlar, deputatlar, olimlar, ekspertlar, huquqshunoslar, tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan sohaga doir milliy qonunchilik, undagi o‘zgartish va qo‘shimchalar, mahalla institutini takomillashtirish bo‘yicha davlat siyosati, mahallalar qoshidagi komissiyalar faoliyati haqida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumotlar berildi.

Manba: O'zA