Hokim iqtidorli qizlar bilan uchrashdi
2016-03-05
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bir guruh iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini puxta o‘zlashtirishi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishiga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi ko‘plab yosh iste’dod va iqtidor sohibalarini kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ushbu tanlovning viloyat saralash bosqichida faol ishtirok etgan hamda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli qizlar ishtirok etdi.
– Bizga ko‘rsatilayotgan e’tibordan behad mamnunmiz, – deydi Izboskan transport kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Gulmira Ochilboyeva. – Uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi, yanada faol bo‘lishga, a’lo baholarga o‘qishga undadi. Prezidentimiz tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlarga munosib bo‘lish, bizga bildirilgan yuksak ishonchni oqlashga astoydil harakat qilamiz.
Barcha ta’lim muassasalarida “Zulfiyaxonim izdoshlari”, “Iqtidorli qizlar”, “Orasta qizlar” klub va to‘garaklari tashkil etilgan. Qizlarning ta’lim, sport, san’at va boshqa yo‘nalishlardagi faolligini yanada yuksaltirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida yosh iqtidor sohibalari safi yil sayin kengayib, ular tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i tobora ortmoqda.
Ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Manba: O'zA