Oqsoqollar hokim hisobotini eshitdi
2016-03-05
Samarqandda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tuman (shahar) ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarining choraklik hisobotlarini eshitishni tashkil etish va o‘tkazishning tartib-tamoyillari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimligi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limi, viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va uning tuman, shahar bo‘limlari mas’ul xodimlari, Samarqand shahridagifuqarolar yig‘inlari raislari va faollari, mahalliy hokimiyat boshqaruvi organlari vakillari ishtirok etdi. Prezidentimiz rahnamoligida davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish, ularning huquq va vakolatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Mahalla faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. – O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonuni 11-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlari har chorakda ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining fuqarolar yig‘inlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotini eshitish vakolatiga ega, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Sherali Yo‘ldoshev. – Ushbu tartib asosida ayni paytda fuqarolar yig‘inlarida tuman va shaharlar hokimlarining, shuningdek, hududdagi korxona, tashkilot, muassasalarning hisobotini eshitishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Seminarda mazkur tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartiblari, bunda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida mutaxassislar tomonidan atroflicha tushuncha berildi. Ishtirokchilar Samarqand shahar hokimi A.Shukurov hisobotini eshitish jarayoniga guvoh bo‘ldi.
Manba: O'zA