Salomatlik ko‘rigi

2016-03-05

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Hech kim mehr-e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tibbiy-ijtimoiy aksiya Buxoro viloyatida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar tufayli soha moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan tibbiy-ijtimoiy aksiya ham navbatdagi g‘amxo‘rliklardan biridir.

Ana shunday tadbir “Salomatlik-3” loyihasi doirasida zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan Romitan tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinkasida tashkil etildi. Unda poytaxtimizdagi yetakchi klinikalar va viloyat markaziy shifoxonalarining tajribali pediatr, travmatolog, nevrolog, kardiolog, oftalmolog va terapevtlari aholi, xususan, homilador ayollar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

– Hali birga ham to‘lmagan chaqalog‘im tez-tez bezovta bo‘ladigan bo‘lib qoldi, – deydi Yulduz Yarasheva. – Poytaxtlik do‘xtirlar sinchiklab ko‘zdan kechirgach, bolamda ortopedik nuqson borligi ma’lum bo‘ldi. Lekin xavotirga tushmasligim, uni tumandagi shifokorlar tavsiyasi asosida ambulatoriya sharoitida davolash mumkinligini aytgach, xotirjam tortdim. Bunday sharoitlar uchun Prezidentimizdan minnatdormiz

Shifokorlar ko‘rikka kelolmaydigan keksa va nogironlarni xonadoniga borib nazoratdan o‘tkazdi.

Manba: O'zA