Qurilish materiallari – eksportga

2016-03-04

Milliy matbuot markazida “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash hamda korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish yuzasidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kompaniyada bozorni mahalliy raqobatbardosh qurilish materiallari bilan yanada to‘ldirish maqsadida import va eksport monitoringi olib borilmoqda. Xususan, 2012-2015-yillarda import qilingan qurilish materiallarining tahlili asosida 15 dan ortiq turdagi qurilish materiallari aniqlanib, hozirda mahalliylashtirilmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” tarkibidagi 120 dan ortiq korxonada 2016-2019-yillarda yigirmadan ziyod turdagi mahsulotni o‘zlashtirish mo‘ljallanmoqda. Sanitar-texnik sopol buyumlar, devor va shiftlar uchun oboylar, kompozitli materiallar, grafit va ftorplastdan ishlangan buyumlar, grafit bilan to‘yingan buyumlar, yumshoq tomyopqich materiallari, shisha kristallit, mayolikadan ishlangan bezaklovchi materiallar shular sirasidandir.

Anjumanda ma’lum qilinishicha, tizimda eksport hajmini oshirish borasidagi tadbirlar ham o‘z samarasini berayotir. O‘tgan yili xorijga gipsokarton, ohak, bezakli g‘isht, sement kabi qirqqa yaqin turdagi qurilish materiallari eksport qilindi. Joriy yilda ularning turini ellikka yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Keyingi 10-yilda O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish hajmi 3,2 million tonnadan 8,25 million tonnaga ko‘paydi. Bunda «Bekobodsement»da quruq usulda yiliga 850 ming tonna sement ishlab chiqaradigan yangi liniya ishga tushirilgani, Jizzax viloyatida yiliga 350 ming tonna oq sement yoki 760 ming tonna portlandsement ishlab chiqaruvchi korxona qurib bitkazilgani, Andijon viloyatida «Sing Lida» qo‘shma korxonasi va Farg‘ona viloyatida «Farg‘ona sement» jamiyatida sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani qo‘l kelmoqda.

Tadbirda xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish borasida hamkorlik qilishga qiziqishi tobora ortayotgani, “Qizilqumsement”, “Kvars”, “Samarqand marmar” kabi korxonalardagi davlat ulushini chet ellik investorlarga sotish, korxonalarga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.

Manba: O'zA