Eksport hajmi oshadi
2016-03-04
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 8-avgustdagi qaroriga muvofiq Milliy bank huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tadbirkorlar eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Birgina joriy yilning yanvar oyida jamg‘arma 280 dan ziyod tadbirkorlik subyektiga tovar va xizmatlarini tashqi bozorga chiqarish uchun huquqiy, moliyaviy va tashkiliy yordam berdi. Ular eksport shartnomalari imzolab, mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni boshladi. Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan "Yashil hafta – 2016" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etgan fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga eksport borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun yangi bozorlar o‘zlashtirildi. Janubiy Koreyaga gilos, Yaponiyaga qovun eksporti yo‘lga qo‘yildi. O‘rik va anor sharbatiga ham tashqi bozorda talab yuqori.
Jamg‘arma ko‘plab tumanlarda bank hamda fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda bog‘dorchilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan agrofirmalar tashkil etmoqda.
Joriy yilda jamg‘arma tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish, eksport salohiyatiga ega yangi korxonalarni aniqlash ishlari izchil davom ettirilayotir. 26 turdagi yangi mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yiladi. Fermer va agrofirmalar rahbarlarining xorijiy davlatlarda malaka oshirishi tashkil etiladi.
Matbuot anjumanida eksport faoliyatini yo‘lga qo‘yishda kerak bo‘ladigan amaliy yordam, jahon bozori talablariga javob beradigan xalqaro sertifikat va litsenziyalar haqida ma’lumot berildi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Manba: O'zA