Eksportchi tadbirkorlar safi kengaymoqda

2015-07-24

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida 2015-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va galdagi vazifalar belgilab olindi.

Jamg‘arma ijrochi direktori Jahongir Mustafoyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida mamlakatimizning eksport salohiyati izchil yuksalib borayotganini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlar uchun yanada qulay va erkin muhit yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda bugungi kunda kichik biznes korxonalari qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyoj mollari, kiyim-kechaklar, elektrotexnika vositalari va boshqa keng turdagi tovarlarni ishlab chiqarmoqda, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning 2013-yil 8-avgustda qabul qilingan qarori asosida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ularning tovar va xizmatlarini tashqi bozorga chiqarishida yaqindan ko‘maklashmoqda. Bu jahon andozalariga mos mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilayotir.

Jamg‘arma va uning hududiy filiallari 2019-yilning 1-yanvariga qadar yagona ijtimoiy to‘lovdan boshqa barcha turdagi soliqlar, yig‘imlar, boj hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalar to‘lashdan ozod qilingan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tovarlar va xizmatlarni oldindan haq to‘lamasdan, akkreditiv ochmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga ega. Bularning barchasi ularga katta imtiyoz yaratib, eksportga keng yo‘l ochayotir.

Mazkur jamg‘arma joriy yilning birinchi yarmida 1482 tadbirkorlik subyektiga mahsulot va xizmatlarni eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 416 tadbirkor umumiy qiymati 512 million AQSh dollariga teng mahsulot va xizmatlarni eksport qildi. Natijada jamg‘arma ko‘magida amalga oshirilgan eksport hajmi 8 foiz o‘sdi. Mahalliy tadbirkorlar bilan qator xorijiy mamlakatlarning savdo majmualari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilib, umumiy qiymati 300 million dollardan ziyod eksport kelishuvlari imzolandi.

1146 tadbirkorga tashqi bozorlarni o‘rganish, jumladan, 80 tadbirkorga xorijdan ishonchli hamkor topishda amaliy yordam berildi. 220 ishbilarmonga xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar, tenderlarda qatnashishda, 116 tadbirkorga eksport shartnomalari tuzish, ularni tegishli bankda ro‘yxatga qo‘yishda, sug‘urta polisi orqali mahsulotlarni eksport qilishda amaliy va huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulot va xizmatlarining assortimentini tahlil qilish, ularning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshlik darajasini aniqlash, xalqaro talab-ehtiyojga mos kelishini ta’minlashga qaratilgan marketing izlanishlari olib borilmoqda.

Jamg‘arma ko‘magida yurtimiz ishlab chiqaruvchilari mamlakatimiz va chet ellarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalar, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etib, xaridorlar topish va shartnomalar tuzish, eksport jo‘g‘rofiyasini kengaytirishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Eksportchi korxonalar imkoniyatlarini o‘rganish, muammolarini bartaraf etish, ishlab chiqaruvchilarni eksport faoliyatiga keng jalb qilishga bag‘ishlangan uchrashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

2015-yilning may oyida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda “O‘zbekiston mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish va jahon bozorlarida mavqeini mustahkamlashga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalar” ko‘rik-tanlovini e’lon qildi. Tanlov mahalliy va ikkilamchi xomashyolarni qayta ishlash hisobiga yangi turdagi eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, eng yaxshi loyihalar jamg‘arma hisobidan rag‘batlantiriladi.

Tadbirda jamg‘arma tomonidan joriy yilning birinchi yarmida olib borilgan ishlar tahlil qilindi va istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini eksport qilishni yanada kengaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.