Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlandi
2016-03-02
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Davlat dasturida oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish, yuksak axloqiy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng yoyishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, targ‘ibot tadbirlari yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Tadbirda “Mahallaning eng orasta qizlari” forumi, 15-may – Xalqaro oila kuniga bag‘ishlangan “Oilaning oltin qo‘rg‘oni” mavzuidagi telemarafon, “Ma’naviyat oiladan boshlanadi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchi-qizlari o‘rtasida “Gulshan aro gulchehralar” mavzuida ko‘rik-tanlov o‘tkazish yuzasidan fikrlashildi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida rasmlar, umumta’lim maktablarida insholar, boshqa ta’lim maskanlarida “Oilam – baxt qo‘rg‘oni” mavzuida o‘tkaziladigan tanlovlarning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.
Manba: O'zA