Imtiyozlar va iqtisodiy farovonlik
2016-03-01
Navoiyda “Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona faoliyatini tashkil etish sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi hamda ushbu sohada huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish masalalari” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitalari, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoyev, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi F.Umarov, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori A.Fayziyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiy islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, yangi tarmoq va ishlab chiqarishlar o‘zlashtirilayotgani mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining barqaror o‘sishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Xalqaro bozorda munosib o‘rin egallash, eksport va import munosabatlarini yuqori sur’atga ko‘tarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”, “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”, “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”gi qonunlari mamlakatimizda investitsiya siyosatini amalga oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2008-yilda Navoiy viloyatida tashkil etilgan erkin industrial-iqtisodiy zonada bugungi kunda Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya, Hindiston, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Buyuk Britaniya kabi davlatlar ishtirokida 19 zavod faoliyat yuritmoqda. Ularda avtomobil sanoati uchun zarur ehtiyot qismlar, energetika tizimida foydalaniladigan kabel, turli gigiyenik vositalar va raqamli telemoslamalar, maishiy elektron texnikalar ishlab chiqarilmoqda.
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasiga kiritilgan 124,2 million dollar miqdoridagi investitsiyaning qariyb 30 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Hududda raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda. 2015-yilda bu yerdagi korxonalar tomonidan qariyb 184 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Ayni paytda bu yerda eksportga yo‘naltirilgan, zamonaviy uskuna va texnikalar, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobidan jahon bozorida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 68 million dollarga teng 6 istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda.
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasiga chet el investitsiyalarini keng jalb etish, xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi korxonalar faoliyatini rag‘batlantirish hamda zarur huquqiy va iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Anjumanda xorijiy erkin zonalar tajribasini o‘rganish, hudud jozibadorligi va iqtisodiy nufuzini yanada yuksaltirish bo‘yicha fikr almashildi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA